Rossiya: Rahbarlikka saylanish uchun reklama shart emas

  • Jeyms Bruk

Rossiya: Rahbarlikka saylanish uchun reklama shart emas

Rossiyada 4-mart kuni prezident saylovlari. Davlat rahbari lavozimiga besh kishi da’vogar, jumladan amaldagi Bosh vazir Vladimir Putin.

Vladimir Jirinovskiy, prezidentlikka nomzod, o’z telereklamasida eshak aravada o’tirib olib, molni so’kmoqda… Rossiya mana shu tepsa-tebranmas eshak, deydi u.

Liberal-Demokratik partiya rahbari 1991-yildan beri rahbarlikka harakat qilib keladi. Besh bor nomzodini qo’ygan.

Siyosiy tahlilchi Masha Lipman Jirinovskiy saylanishiga ishonmaydi.

“Reklamada Rossiya taraqqiy etmagan, qoloq davlat deb tasvirlanadi. Uni yurgizish uchun qamchilash kerak. Jirinovskiy xalqqa “meni saylang, hammasi joyida bo’ladi” demoqda”.

Rossiya: Rahbarlikka saylanish uchun reklama shart emas

Gennadiy Zyuganov, Kommunistlar partiyasi rahbari, ham prezidentlikka to’rtinchi bor nomzodini qo’ymoqda. Uning reklamasida Rossiya buyuk va go’zal. Bepoyon dalalari, tog’u-toshlari, daryo-yu o’rmonlari va obod shaharlari bilan o’ziga rom etadi.

Gap shundaki, deydi Masha Lipman, Rossiya shunday bir jannat makon bo’lsa, Zyuganovning nima keragi bor? Hozirgi rahbarlar boshqaraversin mamlakatni, degan bo’lardi saylovchi.

Milliarder tadbirkor Mixail Proxorov reytinglarda ikkinchi o’ringa chiqib oldi. O’zini liberal, o’rta sinf himoyachisi deb tanishtiradi.

Prezidentlikka yana bir da’vogar - Sergey Mironov, sobiq deputat, “Adolatli Rossiya” partiyasi a’zosi. Korrupsiyaga qarshi kurashni shior qilib olgan. Ammo 4-fevral kuni Moskvada korrupsiyaga qarshi yirik namoyishda u ko’ringani yo’q.

Rossiya: Rahbarlikka saylanish uchun reklama shart emas

Televideniyeda reklama bermayotgan yagona nomzod bu – Bosh vazir Vladimir Putin.

Rossiya davlat tarixi kutubxonasida xodimi Yelena Strukova so’nggi 20 yilda yaratilgan siyosiy reklamalarni bir joyga to’plab, ko’rgazmaga qo’ygan.

Uning aytishicha, 2000-yillarda Vladimir Putin va uning komandasi hokimiyatga kelishi bilan ular targ’ibot ishlarini to’xtatgan. “Chunki saylovda kim yutib chiqishi hammaga ma’lum edi”, - deydi Strukova.

Hozir ham shunday. Davlat telekanallarida Putinning har bir qadami, siyosat, sport, madaniy tadbirlarda ishtiroki yoritiladi. Ortiqcha reklamaga hojat yo’q.

Rossiya shunday mamlakatki, deydi siyosiy sharhlovchilar, rahbarlikka saylanish uchun o’zingizni reklama qilishingiz shart emas.