Rossiyada AQShdan pul olgan tashkilotlar nishonda

  • Amerika Ovozi
Rossiyada AQShdan moliya olgan nohukumat tashkilotlar tobora qattiqroq bosimga uchramoqda. Obama ma’muriyati bu borada Kremlga shikoyat qilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyada AQShdan pul olgan tashkilotlar nishonda/Shohruh Hamro


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yaqinda Rossiyaga safari chog’ida inson huquqlari faollari bilan uchrashdi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muloqotimizda nohukumat tashkilotlar faoliyatiga doir yangi qonunni atroflicha muhokama qildik, deydi u.

Qonunga ko’ra, chet eldan grantlar oluvchi har qanday tashkilot Rossiyada “xorijiy agent” sifatida ro’yxatdan o’tishi kerak. Ushbu termin Sovet paytiga xos josuslarni va chet elliklarga nisbatan shubha-gumonlarni yodga soladi.

Hujjat o’tgan yili qabul qilinganidan beri yuzlab nohukumat tashkilotlar faoliyati elakdan o’tkazildi, idoralari tintuv qilindi va qirqqa yaqini ustidan sud ishlari ochildi. Go’yo davlat bizni ta’qibga olayotgandek, deya izohlaydi faollar.

Huquq faoli Lev Ponomaryov so’zlariga ko’ra, bunday adovatli muhitning jamiyatga ta’siri bor.

“Rossiyada nafaqat mustaqil inson huquqlari harakati tag-tomiri bilan yo’q qilinayotganiga, balki konstitutsiyaga zid to’ntarish yuz berayotganiga guvoh bo’layapmiz. Bu o’ta jiddiy ayblov ekanini tushunaman”, - deydi Ponomaryov.

Jon Kerri Kremlga Vashingtonning bu boradagi xavotirlarini yetkazgan. Shunga qaramasdan, mahalliy faollar AQSh gapdan nariga o’tishiga ishonmaydi.

“Amerikadan yana o’sha silliq bayonotlarni eshityapmiz xolos. Sizga hamdardmiz, sizni tashlab ketmaymiz, demokratiya uchun kurashayotgan dovyurak insonlarsiz, degan gaplar”, - deydi Ponomaryov.

Tushunib turibmiz, Rossiyaning ichki ishlari haqida gap ketyapti. Na AQSh, na boshqa bir davlat Kremlga ta’sir o’tkazishi qiyin, deydi u.

Saylovlarni kuzatuvchi Golos mustaqil tashkilotiga o’tgan oy Moskva sudi taxminan 65 ming dollar jarima soldi. Guruh “xorijiy agent” sifatida ro’yxatdan o’tmasdan, Norvegiyaning Xelsinki qo’mitasidan yordam olganlikda ayblangan.

Ammo Golos rahbari yangi qonun qabul qilinganidan buyon chet eldan bir tiyin ham olganimiz yo’q, deydi.

Prezident Vladimir Putin nodavlat tashkilotlarga, xususan, AQSh tomonidan moliyalangan guruhlarga shubha bilan qarashi sir emas. Putin nazarida Vashington ulardan Rossiyaning ichki ishlariga aralashish, kerak bo’lsa hukumatga qarshi namoyishlar uyushtirish uchun foydalanadi.