AQSh Davlat departamenti Rossiya xalqini 4-mart kuni o’tgan prezident saylovlari bilan qutlab, yangi rahbar bilan ishlashga tayyor ekanini bildirmoqda. Bayonotda g’olibning ism-sharifi, ya’ni Vladimir Putin tilga olinmaydi. Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning tushuntirishicha, bunga hojat yo’q, chunki u hammaga aniq.
Vashington Kremlni saylov jarayonida yo’lga qo’yilgan xato va qonunbuzarliklarni tekshirib, adolatni ta’minlashga undamoqda. Yevropa Ittifoqi ham shu singari chaqiriq bilan chiqqan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov demokratik o’tishi uchun sharoit yaratilmadi deya xulosa qilmoqda.
64 foizdan ortiq ovoz bilan g’alaba qozongan Putin esa saylovni “ochiq, erkin va adolatli kurash” deb ta’riflagan. Moskva ko’chalarida natijadan norozi muxolifat chiqishlarni davom ettirmoqda.
Kremlda o’tirganlar xalqni yillar davomida aldab kelayotgan vijdonsiz shaxslar, deydi u. Muxolifat saylov natijasini tan olmaydi va uning talablari bajarilmaguncha, o’nlab ming odamlar norozilik namoyishlari o’tkazaveradi, hech kim ularni to’xtata olmaydi, bosim bilan ham, qamoqqa olishlar bilan ham, deydi Navalniy.
Kecha Moskva va Sankt-Peterburgda 300 namoyishchi hibsga olingan va ko’pi keyinroq qo’yib yuborilgan.
Xorijdan asosiy kuzatuvchi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti delegatsiyasi boshlig’i, Xorvatiya sobiq tashqi ishlar vaziri Tonino Pitsula deydiki:
"Saylov jarayoni boshidan oxirigacha adolatsiz bo’ldi. Rossiya nomiga saylov o’tkazdi. Saylovdan maqsad xalqqa tanlash imkoniyatini berish. G’olib esa bu yerda oldindan aniq edi. Siyosiy raqobat, demokratik kurash deb atay olmaymiz bu saylovni”.
Muxolifatchi Garri Kasparov fikricha Rossiyada hokimiyatga yangi avlod vakili, yangicha fikrlaydigan odam rahbarlikka kelishi kerak edi. Usiz yangi, erkin va farovon jamiyat qurish mumkin emas, deydi u.
“Putinsiz Rossiya deb qichqira boshlashimiz bilan bizni hisbga olishdi. Mashinada 12 ta mahbus bor. Bizni qayoqqa olib ketishayapti, bilmaymiz”.
Saylovda 7 foiz ovoz olgan Mixail Proxorov Pushkin maydonida namoyishga chiqqanlardan biri bo’ldi.
Prezidentlikni Putinga topshirish arafasida turgan Dmitriy Medvedev saylovda kuzatilgan xatolar to’g’rilanadi, qonunbuzarliklar ortidagi shaxslar jazoga tortiladi va Rossiya demokratiya tomon dadil qadam tashlashda davom etadi deydi.