Rossiya Suriya bo'yicha Kofi Annan taklifiga rozi

  • Amerika Ovozi

Sergey Lavrov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri

Rossiya BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili, tashkilot sobiq bosh kotibi Kofi Annan tayyorlagan rezolyutsiya loyihasini Xavfsizlik Kengashida qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Annanning Suriyada o’zaro jang qilayotgan tomonlarni yarashtirish harakatlari zoye ketmasligi kerak. Ammo hujjatda Suriya prezidenti Bashar al-Assad va uning hukumatiga ultimatum qo’yilishiga qarshimiz, deydi Lavrov.

Annan yakshanba kuni Suriyaga besh kishidan iborat ekspertlar guruhini yuborib, hukumat va isyonchilar o’rtasida sulh tuzish va milliy muloqot boshlash vazifasini yuklagan. BMT Xavfsizlik Kengashi bugungi majlisda Annan takliflarini o’z ichiga olgan Fransiya muallifligidagi hujjatni muhokama qiladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Suriyada yuzaga kelgan hozirgi vaziyatga toqat qilib bo’lmaydi.

"Vaqtni boy berib bo’lmaydi. Har bir daqiqa, har bir soat g’animat. Suriyada odamlar o’lmoqda. Bunga chek qo’yish lozim. Bu xalqaro hamjamiyatning vazifasi va burchidir", - deydi bosh kotib.

BMT hisobicha, so’nggi bir yilda Suriyada zo’ravonliklarda sakkiz mingga yaqin odam o’lgan. Aksariyati harbiylar o’qidan, ammo inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining bildirishicha, qurollangan muxolifat kuchlari ham jiddiy qonunbuzarliklarga yo’l qo’ygan. Jumladan, odam o’g’irlab, hukumatga xayrixoh odamlarni sababsiz hibsda ushlagan va qiynoqqa solgan.