AQShning yangi elchisi Maykl Makfol (Michael McFaul) Kremlga yaqin guruhlarning keskin tanqidiga uchramoqda. Kuni kecha “Putin tarafdorlari tarmog’i” degan guruh kecha AQSh elchixonasi qarshisida namoyish o’tkazgan.
Rossiyada prezident saylovlari yaqinlashgan sari, siyosiy muhit ham taranglashib bormoqda. Vladimir Putinning yana rahbarlikka qaytish rejasi Sovet Ittifoqi qulaganidan beri eng yirik namoyishlarga turtki berdi.
Navbatdagisi 26-fevralda o’tadi, deydi muxolifat yetakchilari.
Putinning da’vo qilishicha, xalqni hukumatga qarshi qayrayotgan va oppozitsiyani moliyalayotgan bu – Qo’shma Shtatlar. Uning “Yedinaya Rossiya” partiyasi Amerika elchixonasiga qadam qo’yganlarni “sotqin” deya tamg’alagan.
Bu shunchaki saylovoldi chirkin siyosatmi yoki Vashington-Moskva orasida so’nggi payt erishilgan iliqlik poyoniga yetmoqdami? Aytish qiyin.
Moskvadagi Karnegi tahlil markazi eksperti Nikolay Petrov fikricha, AQShga tanqid toshlarini otib o’z reytingini oshirish Putin uchun ajoyib imkoniyat va undan foydalanyapti.
Saylovga atigi uch hafta vaqt qolgan. Putinga dushman obrazi kerak, deydi u. “AQSh dunyoning eng qudratli davlati ekan, bu rolga tanlangani bejiz emas”.
Ayrim ekspertlar nazarida, hozirgi ziddiyatlar vaqtincha. “Saylovda yutib chiqish uchun Kreml qo’llayotgan strategiya bu”, - deydi siyosatdon Mark Feygin.
AQSh elchisi Maykl Makfol Rossiya televideniyesida deyarli har kuni tanqid qilinsa-da, lavozimida qoladi. Prezident saylovlaridan so’ng Kreml AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga tushadi, degan fikrlar yangramoqda.