USAID Rossiyani tark etadi

  • Amerika Ovozi
Davlat departamentining bayon qilishicha, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) Kreml iltimosi bilan Rossiyadan chiqib ketadi.

Kreml bu agentlik endi unga kerak emasligini bildirib, Vashingtondan mamlakatdagi faoliyatini tugatishni so'ragan.

O'tgan 20 yil ichida tashkilot turli jabhalarni rivojlantirish maqsadida Rossiyada 2,7 milliard dollar sarflagan. Bu yilgi loyihalar uchun 50 million dollar ajratilgan edi.

Sil kasalligiga qarshi kurashdan tortib, inson savdosi, ta'lim va ma'rifat, ekologiya, huquq va demokratiya hamda fuqaro jamiyati rivojlanishi yo'lida xizmat qilgan, deydi Viktoriya Nuland, Davlat departamenti so'zlovchisi.

Vashington Kreml qaroridan norozimiz deyayotgani yo'q, ammo USAID boshlagan dasturlarni mahalliy mutaxassislar va muassasalar davom ettiradi degan umidda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShni ichki masalalarga aralashayotganlikda, muxolif kuchlarni moliyaviy jihatdan quvvatlayotganlikda ayblab keladi.

Yaqinda mamlakat parlament qabul qilgan qonunga ko'ra, xorijdan mablag' olgan tashkilotlar va shaxslar "chet el agentlari" va qilmishi uchun sudda javob beradi.

USAID Rossiyada 13 diplomatga ega. Agentlik bu davlatni tark etadi, ammo Qo'shma Shtatlar demokratiya, inson huquqlari va bu jamiyatning taraqqiyoti yo'lida hissa qo'shishdan to'xtamaydi, deydi Viktoriya Nuland.

Barak Obama prezidentlikni boshlaganida Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash, bu davlat bilan dushmanona emas, do'stona, o'zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda ishlashga bel bog'lagan edi.

Strategik qurollar bo'yicha yangi bitim imzolandi, orada ko'p iliq so'zlar almashildi, ikki davlat rahbarlari bir-birinikida mehmon bo'ldi, lekin Rossiya va AQSh ko'plab xalqaro masalalarda qarama-qarshi pozitsiyalarda qoldi, xususan Arab dunyosidagi qo'zg'olon va inqiloblar, Eron va ayni damda Suriyadagi qonli mojarolar yuzasidan.

Dmitriy Medvedev prezidentlik davrida Obama ma'muriyati Kreml bilan doimiy muloqotda ekanini aytib keldi, lekin Putin rahbarlikka qaytishi bilan munosabatlar nisbatan sovuqlashgani kuzatmoqda.

Amerikaning Rossiyadagi elchisi Maykl Makfol, iqtidorli ekspert va siyosatdon, mezbon davlat siyosiy doiralarida salbiy kutib olindi. Diplomat demokratiya urug'ini yoyishga kelgan degan doimiy shubha ostida.

Vashington va Moskvadagi siyosiy tahlilchilar nazarida USAIDning yopilishi ortidagi asosiy sabab bu Rossiyaning yordam oladigan emas, yordam beradigan davlatga aylanish niyatida ekani.

Dunyoning eng qudratli mamlakatiga "yo'q, rahmat" deb, Rossiya ham o'ziga ishonchni oshirmoqchi, ham Amerika ta'sir kuchini kamaytirmoqchi, deydi ekspertlar.