AQSh ketidan Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketa tizimini berishga qaror qildi. London buni hadya deb atamoqda. Kelasi bir necha haftada ukrainalik harbiylar Boltiq mamlakatlarida M270 raketa tizimidan foydalanishni o’rganadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Britaniya Ukrainaga nechta shunday qurol berishini bildirmadi. Sistema bir daqiqada 80 kilometrgacha 12 tagacha raketa otadi.
O’tgan hafta Qo’shma Shtatlar HIMARS deb ataluvchi o’xshash raketa sistemasini Ukrainaga yuborishi haqida ma’lum qilgan.
“Aniq nishonga olish salohiyatiga ega HIMARS va M270 kabi raketa tizimlari ukrainaliklarga Rossiyaning uzoqroq masofadagi nishonlarini urishda, kontrbatareya hujumlarida yordam beradi”, - deydi Londondagi Qirollik birlashgan xizmatlar institutidan Sidxart Kaushal.
Britaniya hukumatiga ko’ra, ushbu qurol Ukrainaga o’zini Rossiyaning uzoq masofali shafqatsiz artilleriyasidan himoya qilishda yordam beradi. Rossiyaning Donbassdagi harbiy muvaffaqiyatlari G’arb mamlakatlarini xavotirga solmoqda.
Rossiya tanklariga qarshi kurashda eng boshida samara bergan G’arbning tankka qarshi qurollari ruslar taktikasi o’zgarishi bilan oldingiday ish bermay qo’ygan.
“Rus tanklari hozir 3,5 kilometrdan yaqinga kelmayapti. Tankka qarshi qurol bilan ularni aniq urib bo’lmaydi”, - deydi ukrainalik bir askar.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G’arb Ukrainaga uzoq masofali raketa tizimini bersa, uning armiyasi tegishli javob qaytarishini aytdi.
“Shunday bo’lgan taqdirda tegishli xulosa chiqarib, shu paytgacha nishonga olinmagan obyektlarni urish uchun yetarli salohiyatimizni ishga solamiz”, - dedi Putin.
AQShning bildirishicha, Ukraina ushbu raketa tizimlari bilan Rossiya hududini nishonga olmaslikka so'z bergan, biroq Kreml Kiyev va'dasiga ishonmasligini bildirdi.