Bugun Germaniya, Fransiya va Italiya rahbarlari kutilganidek Kiyevga tashrif buyurib, Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Zelenskiy va uning ma’muriyati vakillari bu uch mamlakatni Ukrainaga yetarlicha yordam bermayotganlikda ayblamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Xususan, Kiyev ta’biricha, Britaniya va AQShdan farqli o’laroq Yevropaning ilg’or mamlakatlari og’ir qurollarni Ukrainaga yetkazishda sustkashlik qilmoqda. Yevropa Ittifoqining qudratli davlatlari rahbarlarining birga safar qilishi ko’plar tomonidan birdamlik belgisi sifatida ko’rilmoqda. Ayniqsa Yevropa Komissiyasi Ukrainaga tashkilotga a’zo bo’lishga nomzodlik maqomini berish masalasini muhokama qilishidan oldin. Bu masala bo’yicha yakuniy qaror kelasi hafta oxirida bo’ladigan sammit davomida ma’lum qilinishi kutilmoqda.
"Ukraina xalqiga hayratimni va hurmatimni bildirmoqchiman”, - dedi Fransiya prezidenti mehmonxonasi atrofida yig’ilgan muxbirlarga.
Sal keyinroq Olaf Shols, Emmanuel Makron va Mario Dragiga Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis ham qo’shildi. Ular Kiyev tevaragidagi Irpen shahriga borib, salkam bir oy davom etgan qurolli to’qnashuv asoratlarini, vayron bo’lgan imoratlarni ko’zdan kechirishdi.
Urush boshida Rossiya qo’shinlari tomonidan zabt etilgan shahar uchun janglar mart oxirigacha davom etdi. 13-mart kuni shaharda amerikalik jurnalist Brent Reno o’lgan. Ukraina qurolli kuchlari rus askarlari Irpendan siqib chiqarilganini bildirgan.
"Ukrainada o’zini himoya qilish va g’alaba qozonish imkoniyati bo’lishi kerak. Ukrainaliklar bilan birdammiz”, - dedi Makron Irpenga tashrifi chog’ida.
"Bu urush keltirib chiqarayotgan vayronalar dahshatlidir. Harbiy infratuzilma yo’q shahar deyarli butunicha vayron bo’lgan. Shundan ham Rossiyaning bosqinchi urushining ayovsizligini bilsa bo’ladi. Undan maqsad faqat vayron qilish va zabt etish. Va Rossiya urushni to’xtatgani yo’q. Odamlar hayotini pisand qilmay kattaroq vahshiylik bilan olg’a yurmoqda. Biz qo’llayotgan barcha choralar, ko’rsatayotgan yordam tufayli bunga barham berilishi kerak”, - dedi Germaniya Kansleri Olaf Shols.
Fransiya rahbari bir necha kun oldingi bayonotida Ukraina Rossiya bilan kelishishga harakat qilishi kerak degan edi. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Zelenskiy bilan uchrashuv chog’ida Yevropa rahbarlari uni sulh bo’yicha muzokara boshlashga undab ko’rishi mumkin.
Sharqda bo’lginchilarning deyarli butunlay nazoratiga o’tgan Lugansk viloyatining hududga ortiq o’z so’zini o’tkazishga ojiz ukrain hokimi Sergey Gaydayning aytishicha, Zelenskiy sulh evaziga Ukrainaning ayrim hududlaridan voz kechish takliflarini rad etishi shart.
Shols qo'shma matbuot anjumanida Germaniya urushdan qochgan 800 ming ukrainalikka boshpana berganini aytdi. Rahbarlar Ukraina Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishiga umid bildirdi.
Ukrainaga AQShdan 1 milliard dollarga teng qo'shimcha harbiy yordam
Bugun Bryusselda NATOga a’zo va hamkor davlatlar mudofaa vazirlari majlis qilib, Ukrainadagi vaziyatni, Latviyaga qo’shimcha askar yuborish iltimosini muhokama qildi.
Rossiya Ukrainada urush boshlashi ketidan alyans Boltiq davlatlariga qo’shimcha harbiy, kemalar va samolyotlar yuborgan. 28-30-iyun kunlari Madridda NATO sammiti o’tkazilib, davlat rahbarlari alyansning uzoq muddatli strategiyasini muhokama qiladi. Mamlakatlar hozircha qo’shinlar soni, ularni va qurollarni qayerga joylashtirish kabi masalalar bo’yicha bir to’xtamga kelmagan.
Sholsning Ukrainaga safaridan oldin Germaniya Mudofaa vazirasi Kristin Lambrext iyul yoki avgust oylarida Kiyevga uchta raketa tizimi yuborilishini ma’lum qildi. Zelenskiy Rossiya armiyasiga sezilarli zarar yetkazish uchun bundan ancha ko’p og’ir qurol kerakligini aytib keladi.
Bu borada Qo’shma Shtatlar ayniqsa faol. Kecha Vashington Ukrainaga bir milliard dollarlik qurol yuborishini bildirdi. Kemaga qarshi raketa tizimlari, 18 ta gaubitsa, minglab snaryad, xavfsiz radio uskuna, tungi durbinlar shular jumlasidan.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bu haqda Bryusseldagi majlis paytida ma’lum qildi.
AQSh, shuningdek, Ukraina iqtisodiyotiga har oy bir milliard dollar miqdorida yordam puli berishga qaror qilgan.
Chorshanba kuni Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashgan Amerika Prezidenti Jo Bayden 225 million dollarlik qo’shimcha gumanitar yordam ajratilishi haqida ham ma’lum qildi.
Bundan bir kun oldin Kiyevga borgan Chernogorye va Albaniya rahbarlari Zelenskiy bilan uchrashuv chog’ida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lish qarorini qo’llab-quvvatlashini aytdi. Bu ikki mamlakat a’zolikka nomzoddir. Albaniya, masalan, 2009-yildan beri kutmoqda.
Ikki amerikalik Xarkov tevaragida ruslar qo'liga tushgan bo'lishi mumkin
Kecha AQSh va Britaniya matbuoti Ukraina qurolli kuchlari safida jang qilgan ikki amerikalik sobiq harbiyning ruslar qo’liga tushgani haqida xabar berdi. Rossiya hukumati va matbuoti buni hozircha tasdiqlagani yo’q.
39 yashar alabamalik Aleksandr Dryuke bir vaqtlar AQSh qurolli kuchlari safida Iroqda xizmat qilgan. 27 yoshli Endi Xyun ham Alabamadan. Ikkisi o’tgan hafta Xarkov tevaragida qo’lga tushgani, ularning 10 kishilik guruhi 100 ga yaqin ruslarga duch kelgani aytiladi.
Oq uy ularning taqdiridan xavotir bildirib, fuqarolariga Ukrainaga bormaslikni tavsiya qildi.
Rossiya qo’lga tushgan xorijiy fuqarolar yollanma jangarilar sifatida ko’rilishini bildirgan. Xususan yaqinda asirga olingan ikki britaniyalik va bir marokashlik bo’lginchi Donetsk xalq respublikasi sudi tomonidan o’lim jazosiga mahkum etildi. Ularning advokatiga ko’ra, fuqarolarini ozod etishga chaqirgan Britaniya hukumati aloqaga chiqmagan.