11-aprel kuni Avstriya Kansleri Karl Nexammer Moskvada bo’lib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tarjimonlarsiz, birga-bir o’tgan salkam 1,5 soatlik uchrashuvdan so’ng Nexammer muloqot do’stona bo’lmaganini, ochiq va qattiq o’tganini aytdi.
"Prezident Putin bilan uchrashuv haqida optimistik biror narsa deya olmayman. Ukraina sharqidagi hujumga keng ko’lamli tayyorgarlik ketayotgani oydin”, - dedi u.
Avstriya betaraf mamlakat, NATOga a’zo emas, shunga qaramay, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilgan.
Nexammerga ko’ra, u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Putin bilan yuzma-yuz muloqot qilish niyatida ekanini ham yetkazgan, biroq Rossiya rahbari bunga ahamiyat bermagan.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Jozep Borrelning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi urushi dunyoda oziq-ovqat kamomadiga sabab bo’lmoqda.
“Afrika jiddiy xavotir uyg’otyapti, chunki oziq-ovqat kamomadidan ushbu qit’a ayniqsa qattiq zarar ko’radi”, - dedi u.
Yevropa Ittifoqining dushanba kuni Lyuksemburgda majlis qilgan tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qilish bilan birga Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon bilan gaplashgan. (1243) G’arb Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblarkan, Yevropa Ittifoqi va Xalqaro jinoiy sud dalil to’plash maqsadida Ukrainaga tergovchilarini yuborgan.
Ukrainaga ko’ra, Rossiya uning hududida ikki mingdan oshiq urush jinoyatlarini sodir etgan. Rossiya bu da’volarni inkor etarkan, o’z navbatida Ukraina qurolli kuchlarini tinch aholini o’qqa tutayotganlikda, ulardan jonli qalqon sifatida foydalanayotganlikda, Rossiyaga qarshi provokatsiyalar uyushtirayotganlikda ayblamoqda.
Xalqaro qonunchilik bo’yicha ekspert Luis Viverosning aytishicha, Rossiya Xalqaro jinoiy sud vakolatini tan oluvchi hujjatga imzo chekmagan, shu sabab jinoyatda ayblangan rossiyaliklarni sudlash muammo tug’diradi.
“Prezident Putinni javobgarlikka tortish uchun maxsus tribunal tuzish kerak bo’ladi”, - deydi ekspert.
Xalqaro jinoiy sud o’tmishda AQSh qo’shinlarining Afg’onistondagi harbiy jinoyatlari bo’yicha tergov olib borgan, biroq sud vakolatini tan olgan davlatlar qatoriga kirmagan AQSh askarlarining javobgarlikka tortilishiga qattiq qarshilik ko’rsatgan.
Zelenskiy Yevropa Ittifoqini Rossiyaning barcha banklariga sanksiya qo’yishga, rus nefti va gazini import qilishni to’xtatishga chaqirishda davom etmoqda.
"Kutishga vaqtimiz yo’q. Qattiq qarorlar kerak va Yevropa Ittifoqi ularni hoziroq qabul qilishi zarur. Har bir a’zo davlat gaz kabi Rossiya energiyasi manbalaridan voz kechish yoki importini cheklashga muhlat qo’yishi kerak”, - dedi u.
Ittifoq rasmiylari ayni damda bu masalani muhokama qilmoqda, turli takliflarni o’rganmoqda.
Zelenskiy bugun Litva qonunchilariga virtual murojaatida Boltiq bo’yi mamlakatlariga Ukrainaga ko’rsatayotgan amaliy va siyosiy yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya sharqdagi Donbassda joylashgan ukrain qo’shinlariga qarshi yirik hujumga hozirlanar ekan, Ukraina rasmiylari hujum 2-3 hafta ochida boshlanishiga ishora qilmoqda.
Ungacha esa Rossiya armiyasi Mariupoldagi “Azovstal” temir va po’lat zavodi, Ilich nomidagi metallurgiya kombinati va “Azovmash” mashinasozlik zavodi hududlarida qamalda qolgan bir necha ming sonli kuchlar qarshiligini yengishga ulgurmoqchi. Shaharning qolgan qismi butunlay rus qo’shinlari nazoratiga o’tgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining bugun ma’lum qilishicha, 100 ga yaqin ukrainalik harbiy Ilich zavodida qamalni yorib o’tishga harakat qilgan, biroq qarshi hujumga duch kelib, yarmi nobud, qolgani esa taslim bo’lgan.
Vazirlik so’zlovchisi Xmelnitskiy va Kiyev viloyatlarida qurol-yarog’ omborlari vayron qilinganini ham ma’lum qildi.
Prezident Putin G’arbning Rossiyani yakkalashga qaratilgan harakatlari natija bermasligini aytib, uning mamlakati bundan keyin AQSh va G’arbga ortiq tayanmasligini bildirdi.
Putin sovet kosmonavti Yuriy Gagarinning koinotga ilk parvozini nishonlash uchun Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasidagi “Vostochniy” kosmodromiga safar qildi.
"Zamonaviy dunyoda biror mamlakatni va ayniqsa Rossiyadek ulkan mamlakatni yakkalash mumkin emas”, - dedi u.
Putin Amursk oblastiga tashrif buyurgan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan Ukrainadagi so’nggi voqealar xususida gaplashgan.
Lukashenkoga ko’ra, Ukrainaning Bucha shahridagi qatliomni sahnalashtirishga Britaniya razvedkasi qo’l urgan, AQSh esa Polsha va Boltiq davlatlarini Belarus bilan to’qnashuv keltirib chiqarishga gijgijlayapti.
BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi bergan ma’lumotga ko’ra, urush boshlanganidan beri Ukrainani 4,6 milliondan ziyod odam tark etgan, 2,6 milliondan ko’pi Polshada.
Xorijiy bizneslar Rossiyani tark etishda davom etarkan, Finlyandiyaning “Nokia” kompaniyasi rus bozoridan chiqish qarori haqida ma’lum qildi.
“Nokia”ning shvetsiyalik raqibi “Erikson” bungacha Rossiyada biznes faoliyatini noma’lum muddatga to’xtatayotganini bildirgan.
Rossiya hukumati mamlakatdan chiqayotgan xorijiy kompaniyalarning mulklari davlat tasarrufiga o’tkazilishi, kompaniyalar boshqaruvi esa mahalliy kadrlar qo’liga topshirilishi mumkinligiga ishora qilgan.
Hindistonning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo’shilmaganidan va aksincha Rossiya taklif etgan chegirmadan foydalanib, undan neft sotib olishni kuchaytirganidan xavotirlangan AQSh Prezidenti Jo Bayden hafta boshida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan virtual muloqot qilib, Rossiya bilan neft bobida hamkorlik Hindistonga foyda keltirmasligini bildirdi.
"AQSh va Hindiston yaqin maslahatlashuvni va Rossiya urushining ta’sirini barqarorlashtirish yo’llarini muhokama qilishda davom etadi”, - dedi Bayden.
Hindiston fevral oxiridan beri Rossiyadan kamida 13 million barrel xom neft sotib olgan. O’tgan yili esa neft importi 16 million barrelga teng bo’lgan. Dehli Moskva taklif etgan katta chegirmadan foydalanmoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankarning aytishicha, G’arb Hindistonni rus neftidan voz kechishga undashdan oldin avval o’ziga e’tibor berishi kerak.
"Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, Hindiston Rossiyadan bir oyda oladigan neftni Yevropa yarim kunda oladi”, - dedi vazir.
Qo’shma Shtatlar, shuningdek, mamlakatlarni Rossiyadan qurol sotib olmaslikka da’vat etmoqchi. Dehli rus quroli xaridorlaridan biri hisoblanadi.
Kecha, shuningdek, AQSh davlat kotibi va mudofaa vaziri Vashingtonda hindistonlik hamkasblari bilan uchrashib, harbiy hamkorlikni kuchaytirish xususida gaplashgan.