Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy muxolif siyosatchi, yaqinda man qilingan siyosiy partiya rahbari Viktor Medvedchuk hibsga olinganini va xiyonatda ayblanayotganini ma’lum qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Zelenskiy Medvedchukni asirga tushgan ukrainalik harbiylarga ayirboshlashni taklif etdi, biroq Kreml bundan bosh tortdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Medvedchuk xorijiy mamlakat fuqarosi, harbiy amaliyotga aloqasi yo’q.
Ayrim kuzatuvchilar Ukraina sobiq prezidenti Viktor Kuchma ma’muriyatini boshqargan, yaqingacha Oliy Radada deputatlik qilgan arbobning Putinga yaqin ekanini ta’kidlaydi.
Minsk shartnomasi doirasida Medvedchuk o’tmishda asirlarni ayirboshlashga yordam bergan, o’tgan yil mayida xiyonatda ayblanib, uy qamog’iga joylashtirilgan edi, biroq Rossiyaning Ukrainaga hujumidan 4 kun o’tib uning qochgani xabar qilingan.
Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi Mariupolda metallurgiya kombinati yonidagi janglar paytida 1000 dan ortiq ukrainalik harbiy taslim bo’lganini ma’lum qildi. Ukraina tarafi buni hozircha izohlagani yo’q.
Rossiya Donbassdagi yirik ukrain harbiy qismlariga qarshi katta hujumga hozirlik ko’rar ekan, G’arb mamlakatlari Ukrainani qurollantirishda davom etmoqda.
Bugun Kiyevga tashrif buyurgan Estoniya, Litva, Latviya, Polsha prezidentlari Ukraina bosh vaziri bilan uchrashib, harbiy yordam xususida gaplashgan. Ukrainaga, asosan, omborlardagi eski sovet harbiy texnikasi uzatilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga berilayotgan qurollar va ularni tashiyotgan transport vositalari Ukraina hududiga tushishi bilan nishonga aylanishi haqida ma’lum qildi.
Rossiyaning Ukrainaga hujumidan xavotirlangan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo’shilish ustida o’ylanmoqda. Finlyandiya Bosh vazirasi Sanna Marin Stokgolmda Shvetsiya rahbari Magdalena Andersson bilan ko’rishib, shu mavzuda gaplashgan. Unga ko’ra, Xelsinki yaqinda NATOga a’zolik bo’yicha qarorini ma’lum qiladi.
"Buni diqqat bilan tahlil qilishimiz kerak, biroq jarayon tez bo’ladi degan fikrdaman. Bir necha haftada qaror qabul qilinadi”, - dedi Marin.
Finlyandiya NATOga qo’shilsa, harbiy byudjetini 1-1,5 foizga oshirishi kerak bo’ladi.
Fransiyada prezidentlikka da’vo qilayotgan Marin Le Pen esa 24-aprelda bo’ladigan saylovlarning ikkinchi bosqichida g’alaba qozonsa, aksincha, Fransiya NATOning harbiy qo’mondonlik tizimlaridan chiqishini bildirdi. Bu alyansni fransuz qo’shinlari va qurollari ustidan nazoratdan ayirishi mumkin.
Le Pen Ukrainadagi urush tugagach, NATO Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashi kerak degan fikrda.
Yevropadagi ayrim siyosatchilar Le Penni qit’a birligiga tahdid deya ko’rmoqda.
Dunyoda narxlarning oshishida Putin aybdormi?
Ukrainada urush boshlanganidan beri dunyo bo’ylab narx-navo oshmoqda. Rossiya va Ukraina dunyoda o’g’it va bug’doy eksporti bo’yicha yetakchi mamlakatlar. Biroq eksport Rossiyadan G’arb sanksiyalari sabab, Ukrainadan esa urush sabab to’xtagan.
AQSh Prezidenti Jo Bayden narxlarning oshishida Rossiya rahbarini aybladi.
"Putinni deb oshgan narxlarni tushirish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilyapman. Oila byudjetingiz, benzin sotib olishga qurbingiz diktator urushidan va qatliomidan zarar ko’rmasligi kerak”, - dedi u.
Bayden yoqilg’i narxini tushirish maqsadida benzin tarkibida etanol miqdorini oshirishga ruxsat berdi, biroq bu atrof-muhitga zararni oshiradi.
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, Ukrainadagi urush oqibatida bug’doy, makkajo’xori va o’simlik yog’i qimmatlashgan.
Mutaxassislar narx-navo urushgacha ham yuqoriga qarab ketayotganiga ishora qilarkan, pandemiya natijasida ta’minot zanjirining izdan chiqqanini sabab qilib ko’rsatmoqda.
"Narx Putinning Ukrainani bosib olishidan oldin ko’tarila boshlagan. Oq uy ma’muriyati avvaliga “inflyatsiya yo’q” dedi, so’ng “o’tkinchi holat, xavotirlanmanglar” deb aytdi. Inflyatsiya jiddiy muammoga aylanganida esa uning foydali ekanini aytishdi. Hozir ssenariy yana o’zgardi. Inflyatsiyada Oq uy aybdor emas ekan, Putin aybdor ekan. So’nggi bir yilda 8,5 foizlik inflyatsiyaning 8 foiziga Ukrainadagi urushning aloqasi yo’qligiga guvoh bo’lganmiz. Urush yaqinda boshlandi, yoqilg’iga narxlar esa Ukraina bosib olinishidan oldin ko’tarilgan”, - deydi Vashingtondagi “Xeritij jamg’armasi” tahlil markazidan I Jey Entoni.
Oq uyga yon bosayotgan ekspertlar Putinni ayblaydi.
"Urush bo’lmaganida narxlar eng cho’qqisiga chiqib, keyin tushgan bo’lardi deb taxmin qilsa bo’ladi. Narx ko’tarilishida albatta Putin aybdor. Bunga shubha yo’q. To’g’ri, Putin narx ko’tarilishini boshlab bergani yo’q, urushdan oldin ko’tarilgan, ammo Putin vaziyatni yomonlashtirdi”, - deydi yana bir vashingtonlik tahlilchi Uilyam Reynsh.
Urush va sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga ham zarar bo’lyapti, inflyatsiya darajasi 16 foizga yaqinlashgan. Markaziy bank rublni qo’llab-quvvatlash maqsadida foiz stavkalarini ko’tarishga va boshqa nazorat choralarini amalga oshirishga majbur bo’ldi.
G’arb rus yoqilg’isidan voz kechayotgan bir paytda Prezident Putin energoresurslar boshqa mamlakatlarga sotilishini, ichki istem’ol kuchaytirilishini, ko’mir, neft va gaz ishlab chiqarish oshirilishini ma’lum qildi.
Unga ko’ra, G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan avvalambor AQSh va G’arb aholisi zarar ko’rmoqda.
"Qator G’arb davlatlarining hamkorlikdan voz kechishi millionlab yevropaliklarga qimmatga tushyapti, ularda haqiqiy yoqilg’i inqirozi vujudga keldi. Tabiiyki, biz ham muammolarga yuz tutyapmiz, ammo biz uchun yangi imkoniyatlar ochildi”, - dedi Putin.
Yevropada Rossiyadan eng ko’p gaz olayotgan Germaniya rus yoqilg’isiga tobelikdan qutulish yo’llari ustida o’ylanayotgan bir paytda bu mamlakatdagi beshta yetakchi iqtisodiy institutning ogohlantirishicha, bunday qadam iqtisodiy o’sishni joriy yilda 1,9 foizga, 2023-yilda esa 2,2 foizga sekinlashtiradi. Agar yo’qotishlarni pulga o’giradigan bo’lsak, rus gaziga boykot Germaniyani ikki yilda 238 milliard dollardan ayiradi.