"Azovstal"dan ukrainalik askarlarning chiqqani Rossiyada taslim bo'lish, G'arb va Ukrainada evakuatsiya deya ta'riflanmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, 16-may kuni Ukrainaning Mariupol shahridagi “Azovstal” po’lat zavodidan 265 nafar ukrainalik harbiy chiqib taslim bo’lgan. 50 dan ziyodining og’ir yarador ekani aytilmoqda. Ular orasida Rossiya natsistlar deb biluvchi “Azov” millatchi polkining vakillari ham bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-may, 2022-yil

Bemorlar bo’lginchi Donetsk xalq respublikasidagi Novoazovsk shahar kasalxonasiga, qolganlari esa Rossiya hududiga olib ketilgan.

G’arb matbuoti jarayonni evakuatsiya deb atamoqda, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa uni “Mariupol himoyachilari hayotini saqlab qolishga qaratilgan amaliyot” deb ta’rifladi.

Ukraina asirga tushganlarni rossiyalik mahbuslarga ayirboshlashga umid qilmoqda. Ukraina tarafi zavodda 600 askar bo’lganini bildirgan. Rossiya matbuoti esa ularning soni 2500 ga yaqin ekanini aytib, ular orasida asirga olingan rossiyalik uch harbiy borligi haqida xabar berdi.

Kiyev “azovchi”larni ayirboshlashga umid qilayotgan bo’lsa-da, rossiyalik qonunchilar ularning jinoyatlarini tergov qilib, jazolashga chaqirmoqda.

Xususan asli ukrainalik siyosatshunos, 2016-yilda Rossiya fuqaroligini olib, 2021-yilda Davlat Dumasiga saylangan Anatoliy Vasserman “azovchi”larni ayirboshlashni taqiqlovchi qonun qabul qilishni taklif etdi. Duma spikeri Vyacheslav Volodin “Azov” vakillarini “natsist jinoyatchilar” deb atab, ushbu taklifni qo’llab-quvvatladi, ertaga masala ovozga qo’yiladi.

Rossiyada o’lim jazosiga moratoriy borligiga ishora qilayotgan ayrim arboblar “azovchi”larni Ukrainaning o’lim jazosi mavjud bo’lginchi hududlarida sudlashga da’vat etmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi tunda Ukraina g’arbidagi harbiy poligon va xorijiy qurollar saqlanayotgan omborlar hamda zaxira kuchlari pozitsiyalari nishonga olinganini ma’lum qildi.

Bu o’rtada Finlyandiya parlamenti hukumatning NATOga qo’shilish taklifini olqishladi. 200 deputatdan 188 tasi unga ovoz berdi. 5 partiyadan iborat koalitsiyaga kirgan “So’l alyans” qonunchilarining ba’zilari tashabbusni qo’llab-quvvatlamadi.

Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a'zolik uchun arizani 18-may kuni berishi kutilmoqda.