AQShda elektromobillarga talab o’sib bormoqda, bu qisman hukumat subsidiyalari bilan bog’liq. Biroq litiy yetishmovchiligi bunday avtomobillar bozori kengayishiga to’siq deb ko’riladi. Kaliforniyaning Salton ko’lidagi litiy zaxiralari muammoga yechim bo’lishi mumkin.
Shtat janubida g’aroyib ko’rinishdagi bir joy bor. Bilqillab qaynayotgan buloqqa o’xshaydi. Karbonat angidrid bu, deydi ekolog Maykl Makkiben.
Karbonat angidrid gazi qizib ketgan tuzli suv va yer tubidagi toshlar o’rtasidagi reaksiya natijasida hosil bo’ladi. Geolog Makkibenning aytishicha, sho’r suv litiy moddasiga to’la.
“Geotermal va neft konlaridagi sho’r suvlarning jozibasi shundaki, hamma narsa tayyor. Suyuqlik allaqachon yer yuzida”, - deydi u.
Kompaniyalar issiq tuzli suvdan geothermal energiya olishni 1980-yillarda boshlagan. Yana bir necha qadam qo’yilsa, undan litiy ham olish mumkin.
Bugungi kunda AQSh litiyning katta qismini Janubiy Amerikadan olib, Xitoyda qayta ishlaydi. Ammo ta’minot zanjirini Amerikaning o’zida yaratsa-chi?
“Barcha ehtiyojlarimizni mana shu kon qoplashi mumkin”, - deydi Makkiben.
Buni ham ko'ring AQShga litiy moddasi nima uchun kerak?Litiyni bu yerda ishlab chiqarish, masalan, qattiq jinslarni maydalash kabi boshqa usullarga qaraganda atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi. Yagona muammo shundaki, litiyni keng miqyosda samarali qazib oladigan arzon texnologiya kerak.
Yaqinda Kaliforniyada ish boshlagan “Controlled Thermal Resources” kompaniyasi litiy qazib olish protokollarini sinab ko’rmoqda. Kompaniyaning operatsion direktori Jim Ternerning aytishicha, zavod hamma narsani, jumladan suvni, iloji boricha qayta ishlatishga mo’ljallangan. Bir tonna litiy ishlab chiqarish uchun 50 ming gallon, ya’ni 190 ming litr suv kerak.
Bu hududda suv esa tanqis. Kaliforniyadagi eng yirik Salton ko’li qurib bormoqda. Kolorado daryosidan keladigan suvni shahar aholisi, shuningdek, bu yerdagi asosiy sanoat – qishloq xo’jaligi ishlatadi.
Kolorado daryosida suv sathi sezilarli darajada tushib ketsa, bu kelishmovchiliklarga olib kelmaydimi?
“Kelishmovchiliklar allaqachon boshlangan va kuchayadi. Bu hal qilinishi qiyin muammo”, - deydi Terner.
“Zamonaviy tarixdagi eng dahshatli qurg’oqchilikni boshdan kechiryapmiz. Qurg’oqchilik deyishga hojat ham yo’q. Chunki bu normal holat bo’lib qoldi”, - deydi ekolog Frank Ruiz.
U “Audubon” tashkilotida atrof-muhit himoyasi bilan shug’ullanadi. Shuningdek, Litiy vodiysi komissiyasi a’zosi. Ruiz so’zlariga ko’ra, ko’chmanchi qushlar uchun muhim bo’lgan ekotizim barbod bo’lmoqda.
“Bu Amerika g’arbidagi eng dahshatli ekologik inqiroz. So’nggi bir necha o’n yillikda Kaliforniyada to’qayzorlarning 97 foizi qishloq xo’jaligi yoki qurilishlar sabab yo’q bo’lib ketgan”, - deydi Ruiz.
Bu yerda litiy qazish ko’p milliard dollarlik sanoatga aylanib, yashil texnologiyalarga o’tishni tezlashtirishi mumkin.
“Kaliforniya 2035-yilgacha to’liq elektromobillarga o’tmoqchi bo’lsa, litiyning har bir bo’lagi kerak bizga. Bu shoshilinch ish ekanini tushunaman. Lekin shoshib, tabiatga zarar keltirish ham yaramaydi”, - deydi ekolog.
Agar ish to’g’ri yo’lga qo’yilsa, ko’pchilik nazarida, litiy sanoati Kaliforniyadagi eng qashshoq bu hududga iqtisodiy foyda keltiradi.
Buni ham ko'ring AQShda toza energiya sanoati qanday rivojlanyapti?“Bakshot Deli” oshxonasi geotermal stansiyalarga olib boradigan katta yo’l bo’yida joylashgan. Yaqin atrofda boshqa yemakxona topolmaysiz. Uni Ruben Hernandez rafiqasi bilan yuritadi.
“Kichik shaharmiz. Ba’zi kompaniyalar bu yerga qiziqib keladi, sarmoya olib kelayapmiz, deyishadi. Biroz ishlab, foydani olib, chiqib ketishadi. Shahrimizga hech narsa qoldirishmaydi”, - deydi Hernandez.
Aholiga xizmat sifatini yaxshilash kerak, deydi u, ayniqsa tibbiy xizmatlarga kelganda.
“Allergiya, astma yoki burundan qon ketish bilan kasallanganlar ko’p. Ko’plab izlanishlar o’tkazildi, ammo bizga sabablari bo’yicha aniq javob berishmaydi”, - deydi ko’l yaqinida yashovchi Elizabet Haymi.
Uning oilasi 12 yildan beri North Shore shahrida yashaydi. Uyi quriyotgan Salton ko’liga yaqin. Haymining o’g’li Lorenzoda astma bor. Tadqiqotchilarning aytishicha, bu Salton ko’lining qurigan qismlaridan uchib kelayotgan toksik chang bilan bog’liq.
Ushbu hudud AQShda havosi eng iflos joylardan biri. Bolalarni astma tufayli kasalxonaga olib borish darajasi shtat bo’yicha eng yuqori. Litiy qazish havoni yanada ifloslantiradi degan xavotirlar bor.
“Havoda nima borligini bilmaymiz. Litiy salomatligimiz uchun yana qanday muammolar keltirib chiqaradi? Ta’siri kamroq bo’ladi deyishyapti, lekin ta’siri yo’q deyishmayapti”, - deydi Haymi.
Kongress a’zosi Raul Ruiz saylangan okrug Salton ko’lini ham o’z ichiga oladi. U kompaniyalarning litiyga bo’lgan qiziqishidan ushbu hudud muammolarini hal qilishda foydalanmoqchi.
“Aholi ko’l bilan bog’liq muammolarni hal qilamiz, deb quruq va’da berayotgan siyosatchilardan charchagan”, - deydi u.
Ammo litiy sanoatining ko’lga nima aloqasi bor? Nega kompaniyalar bunga pul ajratishi kerak?
Chunki, deydi qonunchi, ular resurslardan foyda olishni ko’zlab, atrof-muhitni zaharlaydi.
Katta lohiyalar boshlanmasidanoq Kaliforniya kelajakda qazib olinajak litiyga soliq joriy etdi. Tushgan mablag’ dengizni tiklash va mahalliy aholi hayotini yaxshilash dasturlariga sarflanadi.
Bu qarordan hamma ham rozi emas. Ammo soliq litiyga qiziqishni so’ndirgani yo’q. Mahalliy rasmiylarning umidlari katta.
“Bu nafaqat mahalliy aholi va Kaliforniya uchun, balki butun mamlakat uchun ajoyib imkoniyat. Chunki Xitoy kabi davlatlarga tayanish o’rniga o’zimizning litiy va batareya manbalariga ega bo’lishimiz milliy xavfsizlik bilan bog’liq masala”, - deydi kongressmen.
“Bakshot Deli” oshxonasi egasi Hernandez esa litiy zavodlari ochilishini kutmoqda. Bu uning biznesiga ko’proq mijozlar olib keladi.
“Yangi ishchilarga uy-joy va xizmatlar kerak bo’ladi. Bu ehtimol shahrimizga ham farovonlik olib kelar”, - deydi u.
AQSh Energetika vazirligiga ko’ra, Salton ko’li atrofida 375 millionta elektromobilni quvvatlantirishga yetarli litiy zaxiralari bor.