Tahlilchilar Xitoyga bosim uning qarshiligini kuchaytirishi haqida ogohlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

So’nggi haftalarda Janubiy Xitoy dengizida harbiy faollikning oshgani kuzatilmoqda. AQSh va uning mintaqadagi ittifoqchilari Filippin yaqinida bir nechta qo’shma harbiy mashg’ulot o’tkazdi.

Dengizga bir necha mamlakat da’vo qilarkan, mintaqada taranglik kuchaymoqda.

Amerikalik tahlilchilar Vashington va uning ittifoqchilari muvofiqlashtirilgan tadbirlar orqali o’zaro hamjihatligini namoyish etayotganini aytadi.

“Nazarimda, Qo’shma Shtatlar uning ittifoqchilari bir-biri bilan hamqadam ekanini Xitoyga bildirmoqchi”, - deydi Avstraliya Strategik siyosat institutida katta ilmiy xodim Yuan Grem.

Avstraliya, Filippin va AQSh harbiylari 21-avgustdan beri qator harbiy mashg’ulotlar o’tkazib, Janubiy Xitoy dengizi atrofida sohil bo’yiga desant tushirish va havodan hujum qilish kabilarni mashq qildi. Bu dengizga da’vo qilayotgan Xitoyning tobora agressiv harakatlariga tanqidiy qarovchi shu uch mamlakat ishtirokidagi eng yirik mashqlardir.

24-avgust kuni ularga Yaponiya ham qo’shildi. Qo’shma mashg’ulotlar ketidan to’rt mamlakat mudofaa vazirlari Manilada muloqot qildi.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 7-floti qo’mondoni, vitse-admiral Karl Tomas bayonot chiqarib, qo’shma tadbirlarni Hind va Tinch okeani mintaqasida dengiz qonunlariga amal qilgan holda tinchlik va barqarorllikni saqlashga qaratilgan majburiyat deya ta’rifladi.

Manila Xitoyning sohil xavfsizligi kemalarini Filippinga qarashli ta’minot kemalariga avgust boshida suv sepishi ketidan ayrim kuzatuvchilar AQShning Janubiy Xitoy dengizida faollikni oshirishga qaratilgan harakatlaridan maqsad qoidalarga asoslangan tartibni ta’minlash ekanini aytdi.

"Ushbu harbiy mashg’ulotlar AQSh va u bilan hamfikr hamkorlarning Xitoyni ayrim qadamlardan qaytarishga qaratilgan harakatlaridir”, - deydi siyosiy tahlil bilan shug’ullanuvchi va Chikagoda asoslangan “Econvue” tashkilotining ilmiy xodimi Eleanor Xyuz.

Vashington va uning ittifoqchilari qaytarish siyosati va boshqa yo’llar orqali Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi agressiv xulqini o’zgartirishga umid qilarkan, mudofaa bobidagi ayrim ekspertlarning aytishicha, Pekin bunday qadamlarni AQSh yetakchiligida uni jilovlashga qaratilgan harakatlar deya ko’radi.

"Nazarimda, AQSh va uning hamkorlari Xitoyning xulqini yaxshilashga harakat qilmoqda, biroq bu ishni Xitoyni burchakka tiramasdan qilish mumkinmi? Shundan xavotirdaman”, - deydi Singapurdagi Rajaratnam xalqaro izlanishlar markazining eksperti Kollin Kox.

Unga ko’ra, so’nggi yillardagi ayrim jarayonlar Xitoy kattaroq konfrontatsion yondashuvni qabul qilishga moyil ekanini ko’rsatmoqda. Pekin mislsiz ichki va tashqi siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal qilishga urinarkan, Kox nazarida, Xitoy “eksternalizatsiya siyosatini” qabul qilishi, ya’ni jamoatchilikni ichki muammolardan chalg’itishga zo’r berishi mumkin.

"Xitoy Janubiy Xitoy dengizi va hatto Tayvan kabi qaynoq nuqtalarda ancha konfrontatsion va tajovuzkor harakatlarga qo’l urishi mumkin va buni na AQSh, na hamkorlari maqsad qilgan deb o’ylayman”, - deydi Kox.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizining deyarli hammasini o’ziniki deb biladi, biroq Malayziya, Vyetnam, Bruney, Tayvan va Filippin ham unga da’vo qiladi va Pekin da’vosini inkor etib keladi.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, AQShning Hind va Tinch okeanidagi yana bir ittifoqchisi bo’lgan Janubiy Koreya ham Janubi-sharqiy Osiyoda faolroq siyosat yuritishi mumkin.

"Janubiy Xitoy dengizi masalasida Seul o’zini ancha sokin tutib kelgan edi, biroq so’nggi paytlarda vaziyat o’zgargan ko’rinadi. Masalan, Xitoy kemalarining Filippin kemalariga suv hujumi ketidan Janubiy Koreyaning Maniladagi elchixonasi bayonot chiqarib, Xitoyni tanqidga oldi. Koreyaliklarning bu borada ochiqchasiga gapirishlari juda kamdan-kam uchraydi”, - deydi singapurlik tahlilchi Kox.

Aksariyat tahlilchilar Pekin, Vashington va uning ittifoqchilari Janubiy Xitoy dengizidagi faoliyatini qurolli mojaro xavfiga qaramay davom ettiradi degan fikrda va Xitoy Janubiy Xitoy dengiziga da’volarini ilgari surishdan qaytmaydi.

"Agar Manila yon bermasa, Xitoy Vyetnamni ko’ndirishga harakat qiladi. Agar Vyetnam qarshilik ko’rsatsa, Malayziyaga bosim qo’yishi mumkin. Xitoyda da’volarini ilgari surish uchun imkoniyatlari talaygina. Shu sabab nafaqat AQSh ittifoqchilari, balki Janubi-sharqiy Osiyodagi mamlakatlarning bir yoqadan bosh chiqarib qarshilik ko’rsatishi oson bo’lmaydi”, - deydi Avstraliya Strategik siyosat institutidan Yuan Grem.