Ko'chmanchi chorvadorlar qadim Ipak yo'li, savdo yo'nalishida muhim rol o'ynagan. Yaqinda yakunlangan tadqiqot buni yana bir bor isbotladi. Qit'alarni ulagan tijorat yo'li, uzun karvonlar, Osiyo va Yevropa orasida asosan ko'chmanchilar yetishtirgan oziq-ovqatga tayangan. Ipak yo'li nafaqat savdo bilan balki g'oya va kashfiyotlar, fikr va qarashlar zanjiri bo'lgan.
Olimlar qadim xaritalarni o'rganib chiqdi. Ularda karvonlar to'xtagan joylarga nazar tashlasangiz, deydi mutaxassislar, chorvadorlar va dehqonlar muhim manbalar bo'lganini ko'rasiz. Ularning mahsulotlarisiz Ipak yo'li shakllanmagan va ravnaq topmagan bo'lar edi.
Bugungi Markaziy Osiyo bu yo'lning yuragi bo'lgan. Mintaqa shimolida ko'chmanchi qabilalar yashagan. Janubida esa o'troq aholi. Oziq-ovqat ishlab chiqarish va ta'minot rivojlangan.
Antropologlar deydiki, tog'lar orasidagi Markaziy Osiyo karvonlar uchun sevimli manzil bo'lgan. Go'zal tabiat, shirin suvlar, mehmondo'st va qobil insonlar.
Chorvadorlar, xususan poda boqib tirikchilik qilgan aholi uchun tijoratchilar har kuni o'tadigan karvonlar bo'lgan. Ular o'z faoliyatini mana shu savdogarlar va tadbirkorlarga qarab rejalagan.
Britaniyalik olimlar 258 manzilni o'rganib, o'rta asrlarga xos yangi xaritalar yaratdi.
Axborot almashinuvi, xalqaro munosabatlar, ixtirolar, liboslar, muayyan zamonga xos uslublar - bularni Ipak yo'lidagi karvonlar tashigan.
Tadqiqot bilan tanishayotgan amerikalik tarixchi Dan Rojersning qayd etishicha, yangi topilmalar mavjud qarashlarni o'zgartiradi. Ko'plab asarlarda Markaziy Osiyo hududi xavfli va yovuz kuchlar hukmron mintaqa sifatida tasvirlanadi, deydi u. Ko'chmanchi qabilalar, chorvadorlar va dehqonlar qo'shgan hissa haqida ma'lumotlar kam.
Izlanishda jonbozlik ko'rsatgan Maykl Frachetti fosh etilmagan jihatlar juda ko'p deydi. Qo'lyozmalar, arxeologik qazilmalar, berilmagan savollar.
Uning tahlilicha, Ipak yo'lida yangi etnik guruhlar, yangi e'tiqod turlari, yangi madaniyatlar va mafkuralar vujudga kelgan. Sharq va g'arbning o'ziga xos jihatlari rivojlangan. Bu yo'nalishga o'z mahsulotlari bilan qo'shilgan tomonlar o'sha zamonlarning yetakchi insonlari bo'lgan, jumladan ko'chmanchilar.