Saudiya Arabistoni va Eron o'rtasidagi ziddiyatlar, sunniy-shia kelishmovchiligi Markaziy Osiyo mamlakatlarida xavotir uyg’otadi, lekin hamkorlikka zarar yetishi kutilmaydi.
Mintaqa davlatlari keyingi yillarda qirollik va islomiy respublika bilan madaniy va iqtisodiy aloqalarni ancha mustahkamlagan. Rahbarlar Yaqin va O’rta Sharqda tinchlik va barqarorlikka undab keladi.
Mahalliy mutaxassislar hozirgi vaziyatni qanday baholaydi?
Your browser doesn’t support HTML5
Bishkekdan sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis polkovnik Begijon Ahmedov fikricha, Eron va arab dunyosi orasidagi tortishuv chuqurlashsa, xalqaro masalalar yanada chigallashadi.
“Bu tortishuvlar BMT rahnamoligi ostida Suriyadagi vaziyatga barham berish maqsadida olib borilayotgan harakatlarga ziyon yetkazishi mumkin. Yaqin Sharqdagi ahvolni yanada mushkullashtiradi”, - deydi tahlilchi.
Unincha, hozirgi ko’rinishda arab davlatlari hamda Tehron arazlashuvi Markaziy Osiyo o’lkalari hayotiga aytarli ta’sir ko’rsatmaydi.
“O’ylaymanki, ne bo’lsa-da, bizdagi barqarorlik saqlanib qoladi. Oshib borsa, mazhab masalalarini qattiq ushlagan aytim odamlar orasida “Eron haqmi yo Saudiya” qabilida bahs-munozaralardan nari o’tilmaydi. Ayni paytda dunyo ahli din, mazhablar, millatlararo munosabatlar kabi masalalar o’ta nozikligi, ularga oqilona, ehtiyotlik bilan yondsshish zarurligini yodda tutishi lozim”, - deydi Begijon Ahmedov.
Tadqiqotchi davlatlararo munosabatlarda birinchi navbatda iqtisodiy-siyosiy manfatlar ko’zda tutilishini, diniy-aqidaviy masalalar ustivor emasligini ta’kidlaydi.
Jalolobod shahridagi Islom ta’limi markazi, jamoatchilik jamg’armasi, rahbari Dilmurod O’rozov deydiki, aqidaviy nuqtai-nazardan bo’linib qolgan musulmon davlarlari o’rtasida XIX - XX asrlarda jiddiy adovat kuzatilmagan.
Uning nazarida aqidaviy mojaro tashqi kuchlar tomonidan qo’zg’atilmoqda.
“Arab mamlakatlari va Eron mojarosi barham topmasa, aksincha - yanada siyosiylashib, chuqurlashsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan bo’lgan munosabatlarga ham ma’lum darajada putur yetishi ehtimoldan holi emas. Aytaylik, Qirg’izistonda Eronning qator firmalari faoliyat ko’rsatadi. O’zaro savdo-sotiq rivoj topgan. Aqidaviy tortishuvlardan cho’chigan odamlar bordi-keldidan qo’rqib qolmasaydi, deyman”, - deydi ulamo.
Tomonlarni bosiqlikka chaqirayotgan buyuk davlatlarning vositachilik niyati va salohiyatiga ishonch yo'q, deydi O'rozov.
“Afsuski, turli tashqi kuchlar, masalan, Rossiya ham, Amerika Qo’shma Shtatlari ham, Yaqin Sharqda dastavval o’z manfaatlarini ko’zlamoqda. Umuminsoniyat manfaatlari ustivor bo’lganda edi - bu boshqa gap”.