Suriyada muxolifat yetakchisi qamoqqa olindi

  • Amerika Ovozi

Suriyada muxolifat yetakchisi qamoqqa olindi

Bir oydan beri namoyishlar tinmayotgan Suriyada muxolifat yetakchilaridan biri qamoqqa olingan. Mahmud Issa kecha Hims shahrida tunda uyidan olib ketilgan.

Hims shahri hukumatga qarshi chiqishlar o’chog’i bo’lib kelayotgan edi. O’tgan yakshanbadan beri bu yerda kamida 12 kishi o’lgan.

Suriya Ichki ishlar vazirligi talqinicha zo’ravonlik, g’alayonda islomiy kuchlar, Iroq va Livandan qurol olgan jangarilar aybdor. Salafiylar xalifalik tuzmoqchi, ular jihod e’lon qilgan, deydi rasmiylar.

Hukumat aholini tinchlanishga, isyon ko’tarmaslikka undar ekan, bo’ysunmagan fuqaro qattiq jazolanishi aytiladi.

Hafta boshida Hims shahrida yig’ilgan odamlar o’qqa tutilgan, bir necha kishi yaralangan edi. Guvohlarning aytishicha, Hims hozir bo’m-bo’sh, ko’cha-kuyda askarlar, tanklarni ko’rish mumkin.

Kecha parlament xalq talablaridan biri - 48 yillik favqulodda holatni bekor qilib, siyosiy mahbuslar sudini tarqatib yubordi. Shu kuniyoq tinch namoyishlar o’tkazishga ijozat beruvchi qonun loyihasi ma’qullandi, lekin har qanday yig’in uchun Ichki ishlar vazirigidan ruxsat olish kerak bo’ladi.

AQSh Davlat departamenti Suriya hukumatini kengroq demokratik islohotlarga undamoqda. Bashar al-Assad ma’muriyati ko’zni shamg’alat qilib, yuzaki tuzatishlar qildi, bir-biridan farq qilmaydigan qonunlarning o’rnini almashtirmoqda degan xavotir mavjud.

Hukumat namoyishlarni taqiqlovchi, matbuotni nazorat qiluvchi favqulodda holatni bekor qildik desada, kecha ham mamlakat bo’ylab namoyishlar o’tgan. Isyonchilar davlatni 11 yildan beri boshqarib kelayotgan prezident Assad iste’fosini talab qilmoqda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, qo’z’golon boshidan beri kamida 200 kishi o’lgan.