Namoyishlar tinmayotgan, 23 million odam yashovchi Suriyada prezident Bashar al-Assad bugun xalqqa murojaat qilgan.
To’polonda u tashqi kuchlar va internetnio ayblamoqda. Suriya rahbari xalqning bosh talabi – favqulodda holatni bekor qilmoqchi emas.
45 yoshli Assadning nutqini tinglash uchun poytaxtda yuzlab odam yig’ilgan, prezidentni qo’llab olqishlar yangragan.
Amaldagi prezidentdan otasi Hofiz al-Assad davrida, 1963 yilda joriy etilgan favqulodda holatni bekor qilish so’ralmoqda. Bu qonun fuqaroni biror ayblovsiz qamoqqa olish vakolatini beradi. Biroq bugungi ma’ruzasida Assad qonunni bekor qilish haqida hech narsa demagan.
Suriyada kecha hukumat iste’foga chiqdi. Yangisi shakllangunicha, Bosh vazir Muhammad Naji al-Utriy hamon mas’ul.
10 kundan oshiq davom etayotgan ommaviy chiqishlar 11 yillik rahbar Bashir al-Assad hokimiyatini zir titratmoqda. Hukumat iste’fosi xalqni qondirishi gumon.
Mamlakatda boshqaruv Bashar al-Assad oilasi va xavfsizlik xizmati iznida.
Suriyaning qator shaharlarida Assadga xayrixoh odamlar ham namoyishga chiqqan. Poytaxt Damashqda ham tumonat odam.
Biroq qo’zg’olonchilar nazarida hukumat tarafdorlarini chaqirgan aslida rasmiylar, bari ko’zbo’yamachilik. Assadni yoqlagan odamlarga bir kun ta’til berilgani aytiladi.
18 martdan beri Suriyaning Deraa shahrida 60 kishi o’lgan. G’alayonlar bir guruh bola ko’cha-kuyda hukumatga qarshi shior va rasmlar chizgani uchun qamoqqa olingach, boshlangan edi.
Suriya rahbari 2000 yilda vafot etgan prezident Hofiz al-Assadning o’g’li.
Bu qadamlar avtoritar davlat uchun yangilik. Uzoq yillar temir panja ustida yashagan xalq qo'rquvni unutgandek.
Assad va'dasida turib o'zgarish qilsa, to'polonlar bosti-bosti bo'lib ketsa ajabmas, deydi tahlilchilar.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Suriyada namoyishchilarga qarshi kuch qo’llanganini qoralab kelmoqda.
Prezident Bashir al-Assad siyosiy islohotlar qilishi, xalq talablariga quloq tutishi kerak, deydi u.
Obama ma’muriyati nazarida Assad zo’ravonlikka berilmay muxolifat bilan muzokara qilishi lozim.
"Suriya hozir chorrahada turibdi. To'g'ri yo'ldan ketadi degan umiddamiz", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner.
Assad yillar avval islohot va’da qilgan, lekin so’zining ustidan chiqmagan.
Latakia kabi shaharlarda g'azab hissi hamon kuchli. Bashar al-Assad ham va'dalar, ham musht bilan ish ko'rmoqchi bo'lsa, adashadi, deydi namoyishchilar.
Tunis va Misrda avtokrat rahbarlar mana shu yo'ldan borishga urindi, biroq mag'lubiyat alamini tortdi.