Shanba kuni Tayvanda prezidentlikka kim saylanishiga qarab qo’shni Xitoy bilan munosabatlar qanday bo’lishini oldindan bashorat qilsa bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yarim orolni o’ziniki deb biluvchi Pekin jarayonni diqqat bilan kuzatishi tabiiy.
Hukmron partiyadan prezidentlikka nomzod Uilyam Lay yoki Lay Tsinde Tayvan suverenitetini kuchaytirish tarafdori.
“Xitoyga tayangandan ko’ra Tayvanga ishongan yaxshiroq. Dunyoni quchgan yaxshiroq”, - dedi u.
Layning prezidentlik muddati tugayotgan partiyadoshi Tsay Inven ham aynan shunday siyosat yuritmoqda. Biroq bu Xitoyning agressivlashishiga olib keldi.
Asosiy muxolif nomzod Xou Yui Gomindan partiyasidan. U Xitoy bilan ziddiyatlarni yumshatish tarafdori. Partiya faollari Pekin bilan aloqalar yanada yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
“Tayvandek kichik bir mamlakat aqlliroq bo’lishi kerak. Xitoy bilan urushdan manfaatdor emasmiz”, - deydi Xou.
So’nggi yillarda Tayvan harbiy sarfiyatlarni oshirib, AQSh bilan aloqalarni kuchaytirishga intildi.
Bundan norozi Xitoy Tayvanni qurshovga oldi, yarim orol atrofida harbiy mashg’ulotlarini faollashtirdi.
“Tayvan bo’g’ozida barqarorlikni ushlab turish qiyin bo’lib qoldi. Xitoy borgan-sari kuchaymoqda. AQSh va Xitoy strategik raqiblar ekanini hisobga olganda, Tayvan Xitoy bilan birlashish niyatidan uzoq ekanini hisobga olganda vaziyat qaltislashmoqda”, - deydi Bryusseldagi Xalqaro inqirozlar guruhi eksperti Amanda Syao.
Xitoy tahdidlariga qaramay, Tayvandagi ayrim tahlilchilar urush ehtimolidan xavotirda emas.
“Tayvan atrofida Xitoy samolyotlari ko’paygani bilan tayvanliklar uyda qo’rqib o’tirmaydi. Bunday vaziyatga bir necha o’n yildan beri guvohmiz. Hayot davom etmoqda”, - deydi Milliy Chjenchji universitetidan Lev Naxman.
Xitoy Prezidenti Si Zinpin Yangi yil murojaatida Tayvan bilan birlashish muqarrar ekanini aytdi.
Tayvanda bo’ladigan saylov natijasi ikkita Xitoy o’rtasida munosabatlar qanday bo’lishini belgilab berishi kerak. Hukmron partiyadan nomzod g’alaba qozonsa, qarama-qarshilik kuchayadi. Pekin bilan aloqalarni yaxshilashga da’vat etayotgan muxolifatdan nomzod prezidentlikka saylansa, ziddiyatlar yumshashi mumkin.