Tojikiston maktablarida 1,5 milliondan ortiq bola ta’lim oladi. Bularning 45 foizi yuqori sinf o’quvchilari bo’lib, aksariyati ta’tilda ishga chiqadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ota-onalari mehnat muhojirligida bo’lgan o’quvchilar ish topilsa maktabdan ko’ra mehnatni ma’qul ko’radi, chunki ro’zg’or uchun pul zarur.
Bundan 12 yil oldin 10 yoshidan bozorda yuk tashigan Muyin ahvol hali ham o’shandayligini aytarkan, hozirgi maktab bolasiga yanada og’ir ekanligini ta’kidlaydi.
"O’zi kichkinagina bola og’ir yuklarni ko’taradi, havoni sovug’ida 5 so’m beradimi-yo’qmi, muzdek suvlarda mashina yuvadi", - deydi u.
“Men ishlab yurganimda odamlarning rahmi kelardi. Hozir militsiya ushlaydi, quvlaydi, ota-onasiga jarima soladi, qiyin”.
Maktabdan qolib bozorda yurgan 10 va 12 yoshli aka-uka Ibrohim va Ismoil 5-6 sinflarda o’qishadi.
"Pul ishlash uchun bozorda tarvuz tushiramiz, yuk tashib arava tortamiz. Maktabda o’qituvchidan, bozorda militsiyadan qochamiz. Kuniga 6 somondan 15 somongcha ishlab topamiz", - deydi ular.
Ota-onalaringiz qayerda, pulni nima qilasizlar degan savollarga go’daklar bir ovozdan hamma Rossiyada, maktabda ham pul so’rashadi, ko’pchilik bolalar bozorda, deb javob qilishadi.
AQShning Kentuki shtatidan Tojikistonda mehmon bo’lgan Kay Pattison aytadiki, gap bolalarning mehnatida emas, maqsad ularni to’g’ri yo’naltirishda.
"Buyuk inqiroz yillari Amerikada ahvol bundan battar bo’lgan. Salomatligiga zarar yetmasa, og’irlik qilmasa, mehnatning ziyoni yo’q. O’quvchilarni faqat kasbga qiziqtirish zarur, maorif sizlarda hali to’la shakllanmagan", - deydi Kay.
Muallim G’ani Sharifiyning aytishicha, maktab o’quvchilarining 35 foizdan ortiqrog’i noqonuniy mehnat bilan mashg’ul.
“O’quvchilar maktabga borish o’rniga bozorlarda, ko’chalarda, magazinlarda, yo’l mashinalarida pul topish uchun ishlashadi. Ularga qarab, ko’zimdan yosh chiqib ketay deydi. Lekin na iloj, jamiyat shu ahvolga kelib qolgan. Yaqin orada bunday ahvoldan chiqib ketamiz deya olmayman. Maorif sistemasining o’zi hali tugal holatda emas. Ishsizlik, maoshning ozligi o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Bir tarafdan bolalarning mehnatda chiniqqanligi ham durust, lekin go’daklarning loy qorishi, kesak quyishi, beton qorishi og’ir mehnat, bola mayib bo’lishi mumkin”, - deydi o'qituvchi.
Vaziyatni kuzatib turgan Ozod Meliboyev fikricha ham bolalarning bu qismatiga nochorlik sabab.
“O’ylaymanki, ular majburlikdan bozorga chiqishgan. Aksariyati ota-onasiz, sharoiti o’gir. Aks holda o’ziga tinch qaysi ota-ona bolasining ta’lim olishini, kelajakda jamiyatda o’z o’rnini topadigan shaxs bo’lishini istamaydi? Muammoning yechimiga kelsak, ularga sharoit yaratib berish lozim. Bunda davlat ham, mahalla komitetlari, jamoatchilik tashkilotlari, barcha birgalikda harakat qilib muammoni hal qilsa bo’ladi”, - deydi u.
Tojikistonda jamiyat tezlikda tabaqalashar ekan, deydi ziyolilar, bolalar mehnatiga chek qo’yib bo’lmaydi.