Tojikiston onalari: bola masjidga emas, maktabga borsin

Tojikiston onalari: bola masjidga emas, maktabga borsin

Ramazon oyida aholisining 98 foizi musulmon bo’lgan Tojikistonda prezident Emomali Rahmon jamiyatda keskin bahs-munozaraga sababchi yangi qonunni imzolagan.

“Farzandlar tarbiyasida ota-onalar ma’suliyati haqida”gi qonun.

Qonun matbuotda e’lon qilingandan so’ng kuchga kiradi.

18 yoshgacha bo’lgan fuqarolarning masjidda bo’lishini chegaralovchi bu hujjatga prezident qo’l qo’ymaydi, degan taqvodorlar kam emasdi.

Keyingi yillarda masjidlarni tobora to’ldirib borayotgan yoshlar juda norozi.

16 yoshli Farruh Salimov qonunni qabul qilganlarga “qiyomatda Alloh jazo beradi” deydi.

Uning do’sti Salimjon yoshlar bo’sh vaqtlarini kompyuter o’yinlari yoki diskotekalarda o’tkazgandan ko’ra namoz o’qigani yaxshi deb hisoblaydi.

“Masjidga bormagandan keyin nima qilaman? Pivo ichaman, araq ichaman, shu-da. Yomon bolalarga borib o’g’rilik qilasiz, qamalasiz. Bundan machit yaxshi. Ollohga shukr, yaxshi yuribmiz, saboq olayapmiz, domullolarimiz yaxshi”, - deydi u.

Shu bilan birga, qonunning ijobiy tomonlarini ko’ruvchilar, masalan, o’qituvchi Oygul Mamatova bolalar maktabdan ko’ra ko’proq bozor va masjidga boradigan bo’lib qolgan, ularning fanatik bo’lmagani yaxshi, ba’zilari hatto dadasini emas, domlaning gapiga kiradigan bo’lib borayapti, deydi.

“Biz ularni qaytarishimiz kerak, bolalarimiz orasidan toliblar chiqishini istamaymiz”, - deydi muallima.

Tojikiston va Afg'oniston qo'shnilar, umumiy chegarasi uzunligi taxminan 1300 kilometr bo'lib, ko'p qismi ilma-teshik

Ikki o’g’li masjidga serqatnov bo’lib qolgan yosh ona Saodat ham prezident tutgan yo’lni qo’llab-quvvatlarkan, mamlakatda domla yu otincha va folbinlar ko’payib ketganidan hasrat qiladi.

“Kimni qarasang domullo, kimni qarasang folbin… Yoshlar o’qisin, o’rgansin. Ilm-fan, ma’rifatni yuqoriga ko’tarsin. Yoshlar muallimaning gapiga kirmaydi, ko’proq domlani eshitadi. Bizga hozir ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat kerak”, - deydi u.

Jome masjid imom xatibi noibi Mirzoqosim Ismoilov prezident yangi qonunni Ramazon kunlarida imzolaganini katta xato hisoblaydi. Uning aytishicha, bu tashabbus konstitutsiya va xalqaro qonun-qoidalarga zid, inson huquqlarini chegaraydi va islomga ziddir.

“Amaldagi diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi borasidagi qonunga ko’ra, 7 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar ota-onalarining yozma bayonotlari bilan diniy ta’lim olishlariga ijozat berilgandi. Biz hayratdamizki, qonunshunoslarimiz qanday qilib bir-birini inkor etuvchi bunday ishga qo’l urarkinlar?” - deya so’raydi u.

Ismi tilga olinishini istamagan ziyoli 2 аvgust Tojikiston tarixiga qora siyoh bilan yoziladigan bo’ladi deydi.

“Prezidentiga hurmat bilan qarayotgan ahli musulmon endi unga ishonmay boshladilar. Afsus, ming afsuski, prezidentimiz bir imzo bilan obro’siga chiziq tortdi”, - deydi u.