Tojikistonda turli diniy oqimlarga qo’shilganlar ustidan mahkama jarayonlari haqida tez-tez xabar beriladi. Prezident Emomali Rahmon mahalla va masjidlarda nazoratni kuchaytirish zarur, deya ta’kidlab keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bugungi kunda Tojikiston yoshlari orasida radikal qarashdagilar ko’paygan. Ularning dunyoviy turmush tarziga nisbatan munosabati keskinlashgan.
Yaqinda "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog’ida Tojikistonning Regar shahrida istiqomat qiluvchi yosh havaskor shoira Kamola Jahon ijodkor Raufjon Xo’jamovga qilingan suiqasd haqida ma'lumot tarqatdi. U "Vayber" orqali ijodkorning yarador rasmini ko’rib qo’rqib ketganini aytarkan, qalam tutgan qo’llarni sindirishni vahshiylik deb baholaydi.
"Suratini ko’rib yuragim orqamga tortib ketdi. Buni ko’rib yig’ladim ham, e xudo, odamlar qanaqa bo’lib ketyapti?! Qalam ushlagan qo’lni sindirish - vahshiyona narsa bu, ijodkorlarga yamon qarash! Bu mutaassib, aqidaparastlar ishi, boshqa ijod qilmaysan deb aytishgan Raufjonga. Bu - shoirni ruhan sindirish! Raufjonning talanti juda zo’r, to’g’risi, ancha she’rlari qo’shiq bo’lgan, masalan, Farrux Hamroyev kuylaydi. Tojikistonda shoirlarga bunaqa suiqasd, bunaqa tahdid bo’layotganidan judayam o’ylandim. Mengayam biron gap bo’lasa, misol uchun men ayolman, yoshman, har qanaqa gapni oilam ko’tarmaydi deb judayam o’yladim. Agar ozgina sizlar befarq o’tib ketsalaring, jabr ko’rgan shoirimizni o’zlari ham yozishga hayiqadilar, shuni orqasidan bizam e, ke, tinchgina yashaylik deb qo’yaveramizda keyin", - deydi yosh shoira.
Raufjonning o’zi unga suiqasd qilganlar ijod qilma deb tahdid qilishganini aytsa-da, o’tgan voqeani yigitchilk, deb baholaydi.
"Internetga kirmaysan, ijod qilmaysan dedilar. Men ham salgina pastroq kelmadim, o’zimdan ham ayb o’tdi. Aybim shuki, qanday gapirsa shunday javob berdim. Qo’pol gapiga qo’pol javob berib turdim. Ko’pchilik bo’lib, urib tashlashdi. Hay, bo’ladi, yigitchilik", - deydi yosh shoir.
Uning do’sti Ulug’bek Mirzoxonov jo’rasiga tashlanganlarni mutaassiblar deb hisoblamasa-da, yoshlar orasida dinni bayroq qilib olayotganlar ko’payayotganligini inkor etmaydi.
"Bilasizmi, yoshlar ham demokratiya qilib olishgan. O’zlaricha xohlagan fikrlar chiqaradi, nimaga? Oldin shunaqalar bo’lmagan. Hozir bir xillar bor, o’zicha islom diniga juda kuchayib ketgan, rosa o’zidan ketadi. Lekin Raufjonning hamma she’rlari hayotiy she’r-ku... Sog’ odam bu ishni qilmaydi lekin, sh’er yozma, undaqa deb urib, mayib qilmaydi odmazodni. Lekin mutaaasiblar harakatidan bu deb o’ylamayman", - deydi Ulug’bek.
Jabrdiyda shoirning aytishcha, hodisa tarixi uzun bo’lib, Rossiyada mehnat muhojirligida yurganida unga tahdidlar bo’lgan. Unga ijoddan qaytishni maslahat berishgan.
"Bu birinchisi emas, uch-to’rt marta takrorlandi. Bu o’yin Rossiyada boshlangan, men Moskvada edim. Bular meni bilgan, kuzatib yurgan odamlar, uch yil bo’ldi, buni aniq bilaman. Lekin Moskvada bo’lgan voqea o’zbekistonliklar tomonidan... Dushanbega kelganimdan keyin ham uch-to’rt marta bo’lyapti shunaqa. She'r yozganni, san'atkorni xushlamaydiganlar bor... Lekin musulmonman, men islomga bo’ysinaman, lekin zamonaviy she’rlar yozaman, zamonaviy yo’nalishimda ketaman. Shunaqangi insonlaram bor, uchratdim, "musulmonman, tamom"! Bunaqangi zamonaviy ishlar mumkin emas deguvchi to’dalar bor. Lekin, ulardan bunaqangi ishni kutmagandim to’g’risi. To’g’ri, menga aytishgandi davrada o’tirganimizda... Insonlarning o’qiydigan narsasi namoz bo’lsa agar, shaytonni o’qiydigan narsasi senga o’xshagan shoirlarning she'ri, degan tanqidlaram bo’lgan edi", - deydi Raufjon.
Tojikistondagi taniqli o’zbek shoiri Hoji Sharif Nuriddin she’riyatni ayblovchilar dindorlar emas, aqidaparastlar deydi.
"Haqiqiy dindorlar unaqa gaplarni aytmaydi. Shayx Bahoviddin Naqshbandiy bobo, qarang, ulargayam shu savolni berishganda “Mo inkor namekunem, vale in kor namekunem” deganlar, ya’ni, “biz buni inkor qilmaymiz, lekin bu ishni qilmaymiz” deyaptilar o’zalrini nazarda tutib", - deydi Hoji Sharif.
Keksa o’zbek shoir Dushanbeda yosh ijodkorga suiqasddan hayratda. Avvalo she’rning mavzusiga boqish kerak - muhabbati yo’qlar ishq-muhabbatni ta’qiqlaydi. Bunaqalar Eronda ham bo’lgan, masalan, bu aqidaparastlarning ishi", - deydi u.
Shoira Kamolaning fikricha, jamiyat shunday holatda ekan, hodisaning takrorlanmasligiga kafolat yo’q. Qo’lidan ish keluvchi rahbarlar va kattalar yosh shoirlarni o’z himoyasiga olishlari kerak, deydi u.
"Bu yana takror bo’ladi-da, o’zim uch bolalikman. 24 yoshdaman, olilaliman. Ijodim shaxsiy hayotimga ta’sir qilmasin deb judayam qo’rqdim, to’g’risi. Raufjonni misol uchun qidirib topishgan, ushlab urishgan. Bunaqa ish qo’lidan kelgan odam, albatta, meniyam qidirib topishadi deb, judayam qo’rqdim, to’g’risi. Shuning uchun ancha- muncha narsalarimni yozolmadim saytga", - deydi shoira.
Mahalliy ulamo Hoji Kalonzoda deydiki, muqaddas kitob - Qur’onni to’g’ri tafsir etish zarur.
"Payg’ambarlarimiz ham she’r o’qigan, tinglashgan. O’sha suralar tafsirini noto’g'ri talqin etuvchilar shoirlarni shaytonga ergashuvchilar deyishadi. Bunaqada butun Qur’on suralarini radikalizmga olib borish mumkin bo’ladi. Bularning hammasi adashganlarning xato yo’lidir", - deydi hoji.