Tolibon lideri Mavlaviy Haybatulla Oxunzoda nazarida AQSh Afg'onistonda qo'shinlarni ko'paytirsa, vaziyat faqat keskinlashadi. "Biz bunga toqat qilmaymiz'", - deydi u.
Ramazon hayiti oldida Oxunzoda shunday bayonot berdi.
"Harbiy qudratim bilan tinchlik o'rnataman deb hali ham ishonsang, demak, ko'zing olchilmagan", - deydi Tolibon yetakchisi AQShga qarata.
"Kobuldagi noqobil hukumatni quvvatlab, hech narsaga erisha olmaysan. Tinchlik sening qo'linda emas", - deydi Oxunzoda.
Uningcha, Afg'oniston xorijiy kuchlar sabab ham notinch. NATO chiqib ketishi shart, deydi u.
Tolibon buni azaldan talab qilib keladi. Mamlakatda 400 ga yaqin tumandan qariyb 10 foizida jangarilarning qo'li baland. Kobuldagi markaziy hukumat vaziyatni yaxshilash uchun AQShdan qo'shimcha yordam so'ramoqda.
Amerika ayni damda Afg'onistonda 8400 qo'shinga ega. Ular NATOning asosiy qismi.
Pentagon hisobicha, markaziy hukumat aslida o'lkaning 60 foizini nazorat qilmoqda xolos.
Hilmand viloyatida hayit oldidan yuz bergan portlashlarda 34 kishi o'lgan. Jangarilar ro'za oyida ham, hayit paytida ham xurujlargani amalga oshirishi haqida ogohlantirgan.
Hukumatning Tolibon bilan muzokarachisi Karim Xaliliy qon to'kishni bas qiling, deya undab, tomonlarni tezlikda bir davrada to'plash ilinjida. Lekin rahbariyat juda zaif va tarqoq, deya siyosiy tahlilchilar.
Prezident, bosh vazir va boshqa yuqori lavozim egalari kelajak haqida bir fikrda emas. Ular Tolibon bilan qanday murosa qilishi mumkin?
Prezident Ashraf G'ani har qanday sinovga tayyor ekanini aytib, hukumatga nisbatan tanqidlarni asossiz deb biladi. Lekin AQSh nazarida ham Kobul bugunga kelib ishonchni oqlay olmayapti.
Bu orada Rossiya, Xitoy va Eron Tolibon bilan alohida muloqotda ekani ma'lum. Toliblar bundan ilhomlanib, hokimiyatga qaytish uchun yangi harakat boshlamoqda.
Moskva, Pekin va Tehronda rasmiylar Tolibon bilan muzokara yashirin emas, maqsad Afg'onistonda tinchlikka erishish, deya bildirsa-da, G'arb ularning xatti-harakatidan shubhalanib, vaziyatni yanada og'irlashtirayotganlikda ayblamoqda.