15-oktabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp saylovdagi asosiy raqibi Jo Bayden bilan ikkinchi bor teledebatda yuzlashishi kerak edi, biroq Tramp koronavirus bilan kasallanishi ketidan debatlarni tashkil etuvchi komissiya tadbirni virtual shaklda o’tkazishni taklif qildi. Tramp bundan bosh tortdi. Natijada har ikki nomzod shu kuni Pensilvaniya va Florida shtatlarida saylovchilar bilan uchrashishga qaror qildi.
“Bugun Shimoliy Karolinada bo’ldim. Ko’p odam keldi”, - dedi Tramp.
Nomzodlar koronavirusga qarshi siyosatni tahlil qilarkan, Tramp yanvar oxirida Xitoy bilan aviaaloqani to’xtatib, virus tarqalishini sekinlashtirganini aytdi. Demokratik partiyadan nomzod Bayden o’z saylovchilari bilan uchrashuv chog’ida uning izohlarini tanqidga oldi.
“Prezident rahbarlikni qo’lga olishi kerak va Tramp buning uddasidan chiqa olmadi. Nazarimda, u qimmatbaho qog’ozlar bozoridan xavotirlanib virusga qarshi qanday chora ko’rish kerakligi haqida ko’rsatma bermagan”, - dedi Bayden.
Muxolif nomzodning aytishicha, Tramp shtatlar gubernatorlari va shaharlar merlarini karantinni joriy etishga undashi kerak edi, shunda ko’p odamlar hayotini saqlab qolsa bo’lardi.
Tramp va Bayden Oliy sudda bo’sh qolgan sudyalik lavozimiga nomzodi ko’rsatilgan Eymi Koni Barret haqida ham mulohaza qildi. Barret shu hafta Senatdagi tinglovlarda qatnashmoqda. Qonunchilar uning nomzodini tasdiqlasa, Barret prezident saylovi taqdirini hal qilishda muhim rol o’ynashi mumkin. Chunki saylovda g’olib aniqlanmasa va nomzodlardan biri mag’lubiyatini tan olmasa, masala Oliy sudga oshirilishi mumkin.
Bayden saylovda g’alaba qozonsa, respublikachilar bilan ishlashga so’z berdi.
“Ko’p masalalarni hal qilishimiz kerak”, - dedi u.
Biroq ayni damda partiyalar o’rtasidagi jarlik ulkandir.
Ko’p shtatlarda ovoz berish erta boshlangan. Tramp keng qamrovli g’irromlik haqida ogohlantirmoqda, biroq mutaxassislar qonun buzilmaganini aytmoqda.
Tramp saylov halol bo’lsagina, uning natijasini qabul qilishga tayyor ekanini aytdi.
Bir haftadan so’ng nomzodlar so’nggi teledebatda yuzlashadi.
Koronavirus pandemiyasi sabab erta ovoz berayotganlar soni rekord darajaga yetgan. Hozircha 14 milliondan ziyod odam ovoz bergani aytiladi. Bu odatdagidan salkam 10 baravar ko’p. 3-noyabrda bo’ladigan saylovgacha yana bir necha million saylovchining ovoz berishi kutilmoqda.
Trampning floridalik tarafdorlari Bayden prezidentlikka kelsa, Amerika sotsializm tomon yuz tutadi deya xavotir olmoqda.
“Bu mamlakatimiz uchun katta xato bo’ladi”, - deydi Tramp uchun ikki hafta oldin ovoz bergan Rita Rad.
Floridada ikki million saylovchining erta ovoz bergani aytilmoqda. Bayden tarafdorlarining nomzoddan umidi katta.
“Bayden mamlakatni yo’lga sola oladi deb o’ylayman. Uning siyosati jamiyatning barcha qatlamlarini o’z ichiga oladi”, - deydi Mayk Vebli.
Odamlarni erta ovoz berishga pandemiya majburlamoqda.
“Hamma ham ijtimoiy masofaga rioya qilmayapti, shunga sirtdan ovoz berdim”, - deydi ogayolik Larri Klark.
Ammo Kristian Jonson ismli saylovchi konstitutsion burchini 3-noyabrda ado etmoqchi.
“Hammani vahima bosgan. Unisiga virus yuqibdi, bunisiga yuqibdi degan gaplarni eshityapmiz. Ammo yashash ham kerak. Butun umrni qo’rquvda o’tkazib bo’lmaydi”, - deydi u.
Tarixan respublikachi saylovchilar erta ovoz beradi, biroq bu gal erta ovoz bergan har uch odamdan ikkisi demokrat. To’rt yil oldin saylovchilarning 55 foizi ovoz bergan edi, biroq bu safar saylovchi ancha faol ekani aytilmoqda.