Trampning "iliqroq" nutqi xorijda qanday kutib olindi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Trampning Kongress huzurida qilgan birinchi nutqini butun dunyo diqqat bilan tingladi. AQSh rahbari NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi bilan yaqindan ishlaymiz, mushtarak maqsadlar yo'lida ittifoqchilik qilamiz, dedi.

Donald Tramp bundan buyon Amerika manfaatlari birinchi o'ringa qo'yilishini takrorlab kelmoqda. AQSh rahbari o'z xalqiga murojaat qilgan bo'lsa-da, uning chiqishi jahon bo'ylab aks-sado beradi.

"Amerika o'z manfaatlariga asoslangan holda yetakchilik va ittifoqchilar bilan hamkorlik qiladi. NATO tashkilotini qo'llab-quvvatlaymiz, lekin sheriklarimiz ham alyans oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarishi darkor", - dedi Tramp.

Londonda joylashgan Yevropa islohoti markazidan Ayan Bond Trampning iliqroq so'zlari ijobiy kutib olinganini aytadi.

"NATOni eskirgan, keraksiz tashkilot demadi. Aksincha, uning ahamiyatiga urg'u berdi. Lekin moliya haqida gapirganda, Qo'shma Shtatlar go'yo haq evaziga himoya xizmatlarini ko'rsatuvchi davlatdek gavdalanadi", - deydi suhbatdosh.

Donald Tramp Mudofaa vazirligi, Pentagon byudjetini 10 foizga oshirishni va'da qilib, boshqa bir qancha dasturlarni kesmoqchi.

"Nazarimda, mudofaaga ko'proq pul ajratish uchun tashqi yordamni kamaytirish, Davlat departamenti byudjetini qisqartirish xato ekanini ko'plab respublikachilar ham biladi", - deydi tahlilchi Ayan Bond.

Xitoy bo'yicha mutaxassis Deyvid Kelli fikricha, Amerika yetakchilikni iqtisodiy qudrat bo'yicha ikkinchi o'rindagi davlatga boy berishi mumkin.

"Xitoy bu imkoniyatdan, albatta, foydalanadi"- deydi u.

Amaldagi xalqaro savdo tizimi AQShga zarar deya da'vo qilar ekan, Tramp yana Xitoyni tanqid qildi.

Xitoy 2001-yilda Jahon savdo tashkilotiga qo'shilganidan buyon Amerikada 60 ming zavod-fabrikalar yopilgan, deydi prezident.

AQSh rahbari Kongressdagi nutqida yetti musulmon davlat fuqarolariga darvozani yopish qarorini tilga olmadi. Bu haqdagi farmon ijrosi sud tomonidan to'xtatilgan. Oq uy yaqin kunlarda bu farmonni yangilaydi.

Janubiy Afrika xalqaro aloqalar institutidan Stiven Gruzd so'zlariga ko'ra, AQShning Afrika bo'yicha siyosati qanday bo'lishi haligacha noma'lum.

"O'tgan bir oy ichida Tramp ma'muriyati Afrika haqida biror bayonot bergani yo'q. Davlat departamentida bu masala bo'yicha bosh diplomat va Afrika uchun elchilar tayinlanmagan", - deydi Gruzd.

Donald Trampning bosiqroq ohangi iliq kutib olindi. Ammo tahlilchilarga ko'ra uning bayonotlari ortida qanday qarorlar yotishi ko'pchilikni qiziqtiradi.