Turkiya "Islomiy davlat" inlariga zarba bermoqda

  • Amerika Ovozi

Istanbul

Turkiya xavfsizlik organlari va razvedka xizmati mamlakatdagi terror o'choqlari va mutaassib kuchlarga qarshi kurashni kuchaytirgan va qattiq zarba bermoqda. Bu haqda "Amerika Ovozi"ga o'z ism-sharifi ma'lum qilinmasligini so'ragan rasmiy ma'lumot berdi.

"Yangi yilda Istanbuldagi terror xurujida 39 kishi o'ldirildi. Shundan beri Turkiya "Islomiy davlat" bilan yuzma-yuz urushda", - deydi u.

"Turkiya xalqaro koalitsiyaning bir qismi. Biz barcha terror tashkilotlarini yer tishlatishga bel bog'laganmiz".

O'tgan hafta Konya viloyatida maxsus kuchlar "Islomiy davlat" qo'rg'oni deb gumon qilingan obyektni nishonga olgan. Besh kishi o'lgan.

Shu kunlarda 233 odam terror guruhi a'zosi deya 29 viloyatda hibsga olingan.

Istanbulning o'zida 29 kishi ushlangan.

Hibsdagilarning aksariyati chet ellik va Turkiyaning o'zida hujumlar qilishni rejalayotganlikda gumon qilinmoqda.

Tunis, Saudiya Arabistoni, Qozog'iston, Fransiya, Rossiya va Belgiya - Turkiyada eng ko'p fuqarosi jangarilikda ayblanib ushlangan davlatlar.

Suriya va Iroqqa ketayotgan odatda Turkiyadan o'tishi ma'lum.

Konya viloyatida yaqinda bir necha kishi ushlandi

5 ming odam deportatsiya qilingan. 50 mingdan oshiq chet ellik Turkiyaga kiritilmagan.

Vaziyatni yaqindan biladigan siyosatdonlar deydiki, mamlakat bo'ylab terror inlari yo'q qilinmoqda.

"Islomiy davlat" yoki boshqa terror to'dalari oldingidek faol emas, chunki qochgan, deydi Yesugay Aksakal, turk ekspertlaridan biri.

"Turkiya G'arb davlatlari bilan razvedka ma'lumotlari almashmoqda. Bu yaqinlikdan hamma manfaatdor", - deydi u.

Metehan Demir, xavfsizlik bo'yicha mutaxassis, deydiki, bu yil "Islomiy davlat" yer tishladi hisob.

"O'tgan olti oy ichida 100 muhim shaxs ushlandi, hammasi Turkiya qo'lida", - deydi Demir.

Turkiya Suriyada ham kurashmoqda. Maxsus operatsiyalarda minglab jangarilar yo'q qilingan. 2600 ga yaqin terrorchi o'ldirilgan, 3000 dan ortig'i hibsda. 72 turk askari halok bo'lgan.

"Islomiy davlat" 2013-yilning mayidan beri Turkiyada 14 xuruj uyushtirgan. 300 dan oshiq kishining yostig'i qurigan, 1300 odam jarohatlangan.

G'arb davlatlari, jumladan AQSh va Germaniya Turkiyani terrorga qarshi kurashda oldinda ketayotganlikda maqtab, ayniqsa razvedka borasidagi hamkorlik kuchayganidan minnatdor.

Biroq huquq tashkilotlari tahlilicha, Turkiya bugun avtoritar va huquq e'zozlanmaydigan davlatga aylangan. Terrorga qarshi urush bahonasida rahbariyat o'z siyosiy raqiblarini ham yo'q qilishga urinmoqda, degan tanqid kuchli.