Dunyodan uzilgan Turkmaniston o'z media qobig'ida

  • Amerika Ovozi

Ashgabat, Turkmaniston, 31-yanvar, 2024

Turkmaniston poytaxti bozorida meva sotayotgan Byashim Ishanguliyev ijtimoiy tarmoqlarni biladi, jumladan "Facebook", "Instagram" va "YouTube", ammo ular mamlakatda bloklangan.

Dunyodagi eng yopiq tuzumlardan birida yashaydigan odamlar bu holatga o'rganib ketganini aytadi. Blokni chetlab o'tishga urinishadi, lekin hukumat baribir boshqa bir to'siq qo'yadi.

19 yoshli Ishanguliyev internet sekinligidan noliydi. 'Bitta odam biror videoni yuklay olsa, birga tomosha qilamiz".

Tabiiy gazga boy Turkmaniston hech qachon erkin yashamagan. Prezident Serdar Berdimuhamedov yaqinda kiber xavfsizlikni kuchaytirish kerak deb chiqqanida jamoatchilik pinagini buzmadi, chunki bu davlatda tartib hamisha keskin, odamlar esa ajablanmaydi.

Prezidentning otasi Qurbonguli Berdimuhamedov hokimiyatda 15 yil o'tirgach uni rasman Serdarga topshirgan, biroq hamon millat otasi sanaladi.

Turkmanistonda "WhatsApp", "Viber", "Signal" va "Telegram" ham blokda.

"Bizbarde" - milliy ijtimoiy tarmoq, hukumat nazoratida.

"Belet" - "YouTube"ga muqobil video platforma. Kontent u yerda ham cheklangan.

Vatanini Yevropadan turib, Turkmen.news sayti orqali yoritadigan Ruslan Myatiev Ashgabatni propaganda va yolg'onda ayblaydi.

"Ota-o'g'ilni ulug'lovchi, shaxsga sig'inishga asoslangan muhit. Rahbarlar xalq haqiqatni bilmasin deya mana shunday sistema yaratgan va uni mahkam ushlab turibdi", - deydi Myatiev.

Uningcha, Turmanistonda media deyish mumkin bo'lgan vosita yo'q, chunki ular axborot bermaydi, faqat hukumatni maqtaydi.

Ashgabat ko'chalari, 20-noyabr, 2020

38 yoshli Yusup Baxshiyev, davlat xizmatchisi, ham shunday fikrda. "Turkman TV juda zerikarli. Informatsion hech vaqo yo'q".

Oldinlari sun'iy yo'ldosh orqali nimadir ko'rish mumkin edi, endi u ham cheklangan. Uyma-uy yurib, rasmiylar antennalarni oldirib tashlaydi.

Kabelga ulanib, hozirda "France 24", "BBC" va "Euronews" kanallarini tomosha qilsa bo'ladi. Lekin juda oz odam ingliz tilini bilar ekan, auditoriya minimal.

Turkmaniston rasmiy matbuoti, TV va radiolari ertadan kechgacha rahbariyatni ko'kka ko'taruvchi dasturlar beradi.

Inson huquqlar tashkilotlari tahlilicha, mamlakat siyosiy erkinliklarsiz yashaydi. Turkmaniston - Shimoliy Koreyadan keyingi ikkinchi eng repressiv tuzum.

Qurilish sohasida ishlaydigan 40 yoshli Oksana Shumilova unga buning farqi yo'qligini aytadi.

"Neytral Turkmaniston" gazetasini o'qib turishning o'zi yetadi, deydi u. Uningcha, eng muhimi - barqarorlik.

Davlat hammayoq tinch va farovon deb bong urayotgani unga yoqadi. "Tandiq yo'q, salbiy axborot yo'q".