Shu hafta Vashingtonda uyg’urlar ozodlik harakatiga doir xalqaro anjuman bo’lib o’tmoqda. Kecha AQSh qonunchilik organi joylashgan Kongress binosida ochilish marosimi bo’ldi. Unda ishtirok etgan amerikalik qonunchilar, olimlar va huquq himoyachilari Obama ma’muriyatini uyg’ur xalqini qo’llab-quvvatlab, Xitoyga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
Vashingtondagi anjumanga dunyoning turli chekkalarida yashovchi uyg’ur faollari taklif etildi. Shveysariya, Avstraliya, Kanada, Turkiya va boshqa mamlakatlardan. Jahon uyg’urlari kongressi prezidenti Robiya Qodirning afsus bilan aytishicha, Qozog’iston va Qirg’iziston hukumatlari Xitoy bosimi ostida mahalliy faollarni mamlakatdan chiqarmadi.
Massachusetts shtatidan demokrat kongressmen Jeyms Makgovern uyg’ur milliy do’ppilarini kiygan 150 dan ziyod faollarga murojaat qilib, ularni ozodlik sari kurashda bo’sh kelmaslikka chaqirdi.
"Qo’shma Shtatlar inson huquqlarini har masaladan ustun qo’yishi zarur. AQSh hukumati Xitoyda nafaqat uyg’ur, balki boshqa millat vakillariga nisbatan tazyiqlarga ko’z yumib kelgan", - deydi qonunchi.
Kongressmen Makgovern nazarida Senat va Vakillar Palatasi a’zolarining uyg’ur xalqi va Xitoydagi hayoti haqida bilimini oshirish lozim. Makgovern Urumchida ikki yil burungi namoyishlarning bostirilganiga doir rezolyutsiya loyihasini shu yoz Kongressda taqdim etmoqchi.
Yana bir qonunchi, Virjiniya shtatidan saylangan respublikachi Frenk Vulf Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g’alayonlar Xitoyni ham qamrab oladi deganida anjumanga to’planganlar ruhlanib ketdi.
"Xitoy xalqi yaxshi, ammo hukumati yomon. U yerda hozirgi tuzum qulab, unda yashovchi xalqlarning demokratiya va erkinlikka erishishini o’z ko’zim bilan ko’raman deb juda umid qilaman".
Kongressmen Vulf va yig’inda ma’ruza qilgan amerikalik sobiq rasmiylar Obama ma’muriyatini xitoylik dissidentlarga e’tibor qaratmayotganlikda, xususan, birinchi prezidentlik muddati yakunlanayotgan Barak Obamani uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir bilan haligacha uchrashmaganlikda tanqid qildi. Sobiq prezidentlar Bill Klinton va Jorj Bushdan farqli o’laroq.
Robiya Qodirning aytishicha, anjumanga O’zbekistondan ham faollar taklif etilgan edi, ammo birontasiga ruxsat berilmagan. O’zbek xalqidan yordam so’rashdan oldin, deydi Robiya Qodir, avvalambor bu davlat diktaturadan ozod bo’lib, asl mustaqilligiga erishishi zarur.
Robiya Qodir anjuman ochilishida uyg’urlar mustaqil yurt bo’lishini orzu qiluvchi Sharqiy Turkiston bayrog’iga mos moviy libosda bo’ldi. Turkiyalik faollar esa har bir ishtirokchiga yulduz va yarim oy ramzi tushirilgan moviy rangli galstuklar hadya etdi.
AQShning Xitoydagi elchisi Jon Xantsmen o’tgan hafta muddati tugab, prezident Obama Savdo vaziri Gari Lokni yangi elchi etib tayinlagan. Senat uning nomzodini hali tasdiqlamagan.
Kongressmen Vulfning aytishicha, yangi elchi inson huquqlari masalasida faolroq harakat qilishi, kerak bo’lsa, Tibet va Shinjonga borib, maydaroq elatlar hayotini o’rganishi hamda Robiya Qodirning Xitoy turmasida saqlanayotgan o’g’illari bilan uchrashishga harakat qilishi zarur.