O'tgan hafta Kiyevga tashrif buyurgan Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvi chog’ida bu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish istiqbollari haqida gaplashgan.
23-24-iyun kunlari Yevropa Komissiyasi Ukrainaning a’zolikka nomzod bo’lish masalasi bo’yicha qaror chiqarishi kutilmoqda. Tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar ham Ukrainani o’z safida ko’rish ishtiyoqida emas. Fon der Leyenning aytishicha, Kiyev avval Yevropa Ittifoqi talablari va andozalariga javob berishi kerak.
“Qoidadan istisno bo’lmaydi. Hamma Yevropa Ittifoqi talablariga birday javob berishi shart. Kundalik ravishda buning oson emasligini barcha 27 a’zo davlat yaxshi biladi”, - deydi rasmiy.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqi tomon intilishi 2014-yilda inqilobga turtki berdi. Natijada Rossiya bilan aloqalarni ustun deb bilgan davlat rahbari hokimiyatdan ag’darildi.
Shundan 8 yil o’tib, Rossiyaning Ukrainaga hujumi ketidan Zelenskiy Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod bo’lishga ariza berdi.
Biroq Niderlandiya, Belgiya, Daniya va Avstriya bunga e’tiroz bildirmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari Emine Japarovaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ushbu e’tiroz Yevropa Ittifoqining ichki masalasidir.
“Muammo Ukrainada emas. Masala Yevropa Ittifoqi kelajagining inqirozi bilan bog’liq. Chunki a’zolik uchun navbatda uzoq vaqtdan beri turgan mamlakatlar bor”, - deydi rasmiy.
Ukrainaning Yevropa Kengashidagi delegatsiyasi rahbari Mariya Mezentsevaning aytishicha, uning mamlakati Yevropa Ittifoqi bilan uyushish shartnomasidagi talablarning 63 foizini bajargan. Bunday shartnoma mamlakatlarga ittifoq andozalari va qoidalariga moslashishga yordam beradi.
AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi elchisi Maykl Karpenterning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi AQSh manfaatlariga ham xizmat qiladi.
“Bu Ukrainaga AQSh uzoq vaqtdan beri qo’llab-quvvatlab kelgan demokratiyasi, ijtimoiy suvereniteti, hududiy daxlsizligi va mustaqillikka doir barcha elementlarini saqlab qolishda yordam beruvchi institutlarda qo’nim topishi uchun eng yaxshi yo’ldir”, - deydi diplomat.
Unga ko’ra, urushdan so’ng Ukraina har qachongidan yanada kuchliroq, mustahkamroq va ahilroq bo’ladi.