Ukraina AQShdan moliyaviy yordam olishda davom etishga umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Vakillar palatasining spikeri Kevin Makkarti lavozimidan olinishi ketidan yangi spikerni saylash jarayoni qancha davom etishi ma’lum emas. Natijada Ukrainaga qo’shimcha moliyaviy yordam ajratish masalasi ham cho’zilishi muqarrar. Bundan Ukraina rahbariyati ham, Yevropa Ittifoqi ham xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 5-oktabr, 2023-yil

Makkartining spikerlikdan olinishidan oldin qonunchilar qisqa muddatli byudjet qabul qilib, murosa tariqasida undan Ukrainaga atalgan milliardlab dollar pulni chiqarib tashladi.

Pentagon Ukraina uchun olti oyga yetarli pul qolganini bildirmoqda. AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika xalqiga murojaat qilib, hozirgi yo’ldan qaytmaslik muhimligi haqida nutq so’zlashi kutilmoqda.

"Ukrainaning g’alabasi AQSh manfaatiga javob berishi haqida gapiraman”, - dedi Bayden.

Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer amerikaliklar urushdan charchayotganini tan oldi.

“Ommaviy so’rov natijalari bunga dalolat va biz buni tushunamiz. Ammo shu bilan birga, Ukrainaga yordam berish milliy xavfsizligimiz uchun muhim ekaniga ham ishonamiz”, - dedi u.

Vakillar palatasida spikerlikka bir necha qonunchi da’vo qilmoqda. Ulardan biri Ogayo shtatidan saylangan Jim Jordan bo’lib, u Ukraina uchun yordam davom ettirilishiga qarshi.

“Amerikaliklarni tashvishga solayotgan eng muhim masala Ukraina emas. Chegaramizdagi vaziyat, ko’chalardagi jinoyat kattaroq xavotirga molik”, - deydi Jordan.

Spikerlikka Stiv Skalis va Kevin Xern ham ehtimoliy nomzodlar. Kelasi seshanba respublikachi qonunchilar ulardan birini tanlashga kirishadi.

G’arb kuzatuvchilari AQShdagi siyosiy inqirozdan Rossiya manfaatdor ekanini aytadi.

“Ular AQShda tartibsizlik uzoqroq davom etishiga va Ukraina uchun pul hali-beri ajratilmasligiga umid qilishmoqda”, - deydi Gudzon tahlil institutidan Lyuk Kofi.

Ushbu masala bugun Ispaniyaning Granada shahrida ham qizg’in muhokama etilmoqda. Yevropaning 40 dan ortiq mamlakati rahbarlari qatorida Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qatnashmoqda.

Bugun u Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan ko’rishdi, so’ng delegatlarga murojaat qilib, AQShning Ukrainaga ko’magi so’nmasligiga umid bildirdi, Yevropa rahbarlarini yordamni susaytirmaslikka, ko’proq qurol yuborishga chaqirdi, aks holda, dedi Zelenskiy, Prezident Putin 2028-yilda Boltiq bo’yi mamlakatlariga hujum qilishi mumkin.


Sammitda Yevropa Ittifoqini kengaytirish haqida ham gap ketmoqda. Irlandiya Bosh vaziri Leo Varadkar Ukraina, Moldova va Bolqon g’arbidagi mamlakatlarni ittifoqqa qabul qilish orqali blok xavfsizligini kuchaytirish zaruratini ta’kidladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen ittifoq Ukrainaga AQShchalik harbiy madad ko’rsata olmasligini aytib, Amerikaning yordami to’xtamasligiga umid bildirdi.

Bugun Ukraina shimoli-sharqidagi Xarkov viloyatining Groza qishlog’ida kafe va do’konga hujum natijasida kamida 49 odam o’lgan. Ukraina hujumda Rossiyani ayblamoqda. Groza Kupyansk viloyatida joylashgan.

Rossiya rahbari esa bugun Sochida Valday munozara klubining yillik majlisida ma’ruza qildi. Tabiiyki, Putin Ukrainadagi mojaroga e’tibor qaratib, G’arb davlatlarini manmanlikda, Rossiya ogohlantirishlariga quloq tutmaganlikda aybladi.

"G’arbdagi hamkorlarimiz va ayniqsa Qo’shma Shtatlar qoidalarni o’zboshimchalik bilan o’rnatibgina qolmay, ularga kim va qanday amal qilishini o’rgatib ham turadi. Va buni odatda o’ta qo’pol ravishda qilishadi. Bularning barchasi mustamlakachi fikrlashning ifodasidir. Bizga doim “buni qilishingiz kerak, sizni jiddiy ogohlantiryapmiz, buni qilishingiz shart” deb aytishadi. Siz kimsiz o’zi? Bizni ogohlantirishga qanday haqqingiz bor?”, - dedi Putin.