Rossiya Ukraina hududlarini ishg'ol qilishda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Xarkov, Ukraina

Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya armiyasi Donbassda aholi punktlarini birin-ketin qo’lga kiritib, katta yutuqlarga erishmoqda. So’nggi kunlarda Donetsk oblastining Novogrodovka, Karlovka, Nevelskoye, Skuchnoye kabi joylarini qo’lga kiritib, Selidovo, Mixaylovka, Mirnograd qishloqlarini shturm qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2-sentabr, 2024-yil - Germaniya saylovida ultra-millatchi partiya g’olib

Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatiga hujum qilish orqali rus qo’shinlarini Donbass frontidan chalg’itish rejasi ish bermagani aytilmoqda.

Yakshanba kuni Kiyev Rossiya tomon o’nlab dron uchirgan. Rossiya 158 tasini urib tushirganini da’vo qilmoqda. Shunga qaramay, ayrim dronlar havo mudofaasini yorib o’tishga muvaffaq bo’lgan – Moskva yaqinidagi neftni qayta ishlash zavodida hamda Tver GRESida yong’in kuzatilgan.

Rus armiyasi Sumi va Xarkovni raketalar bilan nishonga oldi. Xarkovda sport saroyi, savdo majmui va issiqlik elektrostansiyasiga zarba berilgan, kamida 40 odam, jumladan besh bola jarohat olgan. Rus matbuoti inshootlar ukrain harbiylari xizmatida bo’lganini bildirmoqda.

Bu o’rtada Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerov Vashingtonda amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashdi.

“Qo’shma Shtatlar erkin, ozod va suveren Ukrainaga yordamni to’xtatmaydi. 50 ga yaqin ittifoqchilar va hamkorlarimiz bilan uni Kreml bosqiniga qarshi kurashda muhim salohiyat bilan ta’minlashda davom etamiz”, - dedi Ostin.

Yevropa Ittifoqining oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqining Kiyevga qurol bergan a’zo mamlakatlarini Ukrainaga bu qurollar bilan Rossiya hududini nishonga olishga ruxsat berishga chaqirdi. Biroq o’tgan juma majlis qilgan tashkilot hozircha bunday qadamdan o’zini tiyishga qaror qildi.

G’arb davlatlari Ukraina bergan AQShning F-16 samolyotidan bittasi jangga kirmasdan vayron bo’lishi ketidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy-havo kuchlari qo’mondonini yangiladi.

Ayrim manbalarga ko’ra, samolyot Rossiyaning harbiy aerodromga hujumida yo’q qilingan, yana ba’zilar uni Ukrainaning “Patriot” havo mudofaa tizimi adashib urib tushirganini bildirmoqda.

Urush boshidan beri Ukrainaga 48 milliard dollarlik harbiy yordam uzatgan Yevropa Ittifoqi Rossiyaning G’arbda muzlatilgan 300 million dollarlik mulkidan olinayotgan foizlar bilan ham Ukrainaga yordam bera boshlagan.

Jozep Borrel 1,55 milliard dollarga teng birinchi transhning bir qismi Ukraina mudofaa sanoatini kuchaytirish uchun ajratilishini bildirdi.

Moskva bunday amaliyotni o’g’rilik deb atab, buning huquqiy oqibatlari haqida ogohlantirdi.

Ukrainaga Yevropa mamlakatlari orasida eng ko’p yordam berayotgan Germaniya ko’mak hajmini qisqartirishi haqida ma’lum qildi. Ayniqsa dam olish kunlari mintaqaviy saylovda o’ng qanot partiyaning g’alaba qozonishi Germaniya tomonidan kelajakda Ukrainaga yordamni umuman yo’qqa chiqarishi mumkin.

“Muqobil Germaniya” partiyasi Ukrainaga qurol uzatilishiga qarshi, Rossiya bilan hamkorlikni tiklashga chaqiradi.

Partiya Tyuringiya va Saksoniya yerlaridagi parlament saylovida 33,5 foiz ovoz olgan. Hukumatga kiruvchi uch partiya esa undan kam ovoz to’plagan. Bu ultra o’ng qanot partiyaning Ikkinchi jahon urushidan beri Germaniyada ilk g’alabasi.


"Xalq o’zgarishlarni xohlayapti”, - deydi saylov uchastkasiga
“Lada-Niva” avtomobilida borgan “Muqobil Germaniya”ning Tyuringiyadagi rahbari Byorn Xeke.

Tyuringiya va Saksoniya sharqiy Germaniya hududlari bo’lib, Sovuq urush davrida SSSRga ittifoqchi Germaniya Demokratik Respublikasi tarkibida bo’lgan.

“Muqobil Germaniya” muhojirlarga qarshi qarashlari bilan tanilgan.

Umummamlakat saylovlari Germaniyada kelasi yili o’tkaziladi.