Sud Timoshenkoni qamoqdan ozod qilmadi

  • Amerika Ovozi

Yuliya Timoshenko 2009-yilda Rossiya bilan gaz masalasida bitim imzolab, davlatni 190 milliondan mahrum qilganlikda ayblanmoqda

Ukraina sudi mansabni suiiste’mol qilganlikda ayblanayotgan sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenkoni turmadan qo’yib yuborish haqidagi iltimosni qondirmagan.

Timoshenko o’tgan juma mahkama paytida sudni behurmat qilgani, sudyani prezident Viktor Yanukovichning qo’g’irchog’i degani uchun qamalgan edi.

Kuni-kecha ma’muriy sud Kiyevda sobiq bosh vazir tarafdorlari uyushtirgan ommaviy namoyishlarni ham taqiqladi. Politsiya Timoshenkoni yoqlab chiqqanlarni qurshovga olgan.

Ukrainaning ittifoqchisi va tayanchi AQSh uni ozod etishga chaqirib, mamlakatda qonun ustuvorligi va demokratiya borasida xavotir bildirgan.

Yuliya Timoshenko 2009-yilda Rossiya bilan gaz masalasida bitim imzolab, davlatni 190 milliondan mahrum qilganlikda ayblanmoqda.

Bu shartnoma Ukraina manfaatlariga zid edi, deydi prokuratura.

Timoshenko “aybdor emasman” deb javob qiladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha esa 2009-yilgi hujjat qonunan ikki davlat prezidentlarining roziligi bilan ma’qullangan.

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton sudni mustaqil va oshkora o’tkazishga undagan. Britaniya ham mahkama jarayonini yaqinda kuzatishini aytgan.

Yuliya Timoshenko nazarida amaldagi prezident Viktor Yanukovich sud yordamida undan siyosiy ma’noda qasos olmoqda.

Timoshenko 2004-yilgi inqilob boshida turib, Yanukovichning raqibi Viktor Yushenkoning g’alabasiga hissa qo’shganlardan. O’tgan yil fevralida prezident saylovlarida kichik farq bilan Yanukovichga imkoniyatni boy bergan edi.