BMT: Yo'qsillik va isrofgarchilik iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni tezlashtiradi

  • Amerika Ovozi

Fransiyada mutasaddilar isrofgarchilikdan nolimoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) dunyo aholisini oziq-ovqatni isrof qilmaslikka, suvni ayab ishlatishga va ekologik muhofazasiga ko'proq e'tibor berishga undamoqda.

BMT Ekologiya dasturi doirasida olib borilgan izlanishlar har yili yuzlab million tonna yegulik tashlab yuborilayotganini ko'rsatadi. Masalan, 2019-yilda global miqyosda 930 million tonna oziq-ovqat uvol bo'lgan.

Bu miqdor, deydi Mark Radka, agentlik vakili, dunyoda mavjud yegulikning qariyb 20 foizini tashkil etadi.

“Mamlakatma-mamlakat o'rganilganida, xonadonlarda isrofgarchilik deyarli teng. Kishi boshiga yiliga 74 kilogram deya olamiz", - deydi Radka.

Bu o'ta ulkan yo'qotishdir, deya qayd etadi mutaxasislar, chunki yer yuzi bo'ylab taxminan 828 million kishi ocharchilikdan qiynalmoqda.

Pokiston bolalari, 5-sentabr, 2022

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti hisobicha, umumiy hosilning 14 foizi turli sabablar bilan boy beriladi. 17 foizi esa savdoga chiqarilgach va iste'molga tayyor turganida buziladi.

Tashkilot olimlari deydiki, bu global muammolar bois iqlimdagi salbiy o'zgarishlar tezlashmoqda. Bu esa qishloq xo"jaligiga zarar yetkazib, hosildorlik ozaymoqda.

“Pandemiya, Ukrainadagi urush va ekologik ofatlar tufayli o'tgan ikki yil ichida millionlab insonlar och qoldi", - deya ta'kidlaydi Roza Roll, BMT eksperti.

Shu bilan birga qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati chiqaradigan zaharli gazlar atmosferani buzishdagi omillarning deyarli uchdan birini tashkil etadi.

2030-yilgacha bu miqdorni ikki karra pasaytirish ko'zda tutilgan. Biroq BMTga a'zo davlatlar bu maqsadga qanchalik yeta oladi, mavhum, chunki mamlakatlar bu rejani birdek quvvatlayotgani yoki uning ustida yetarlicha ishlayotgani yo'q.

Jere qochqinlar lageri, Nigeriya, 2-may, 2022. Bu mamlakat ham ocharchilik tahdidi ostida.