BMT Xavfsizlik Kengashi Liviyaga qarshi keskin choralar ko'rishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Bing'ozi, 17 mart 2011

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Liviya uzra parvozlarni ta'qiqlashga qaror qildi. Bu bilan xalqaro organ Muammar Qaddafiy hukumatiga qarshi harbiy choralar ko'rishi mumkinligini ayon qilmoqda.

Kengashda bugun ushbu rezolyutsiya ma'qullangan, lekin Braziliya, Xitoy, Germaniya, Hindiston va Rossiya umuman ovoz bermagan.

BMT Xavfsizlik Kengashi, 17 mart 2011

Hujjat BMT a'zolarini fuqarolarni himoya qilish yo'lida zarur choralar ko'rish, xususan Liviya osmonidagi harbiy samolyotlarni urib tushirishga ruxsat beradi.

Xavfsizlik Kengashi muxolifat va hukumat orasida qonli janglar ketayotgan mamlakatda sulh tuzib, zo'ravonlikni darhol bas qilishga chaqirmoqda.

Qaddafiy "dushmanlarni birma-bir tutib, adabini beramiz" deydi

Bing'ozi, muxolifat nazorati ostidagi yirik shahar BMT qarorini olqishlar ekan, minglab odamlar namoyish qilib, Liviya ahlini Qaddafiyni hokimiyatdan ag'darish uchun harakatni davom ettirishga undamoqda.

Muxolifatni yanchishga bel bog'lagan Qaddafiy esa oppozitsiyani chekinishga chaqirib, aks holda "uyma-uy yurib, xalq dushmanlarini topib, bittama-bitta qiramiz" deya ogohlantirmoqda.

Bing'ozi shahrida hukumatga qarshi namoyishlar

Fransiya Bosh vaziri Fransua Fiyyon deydiki, uning davlati Qaddafiy tuzumiga qarshi harbiy chora ko'rish tarafdori. Britaniya va Livan ham bundan boshqa yo'l yo'q deb chiqmoqda.

Liviya davlat telekanali buning oqibatlari dunyo ahli uchun ayanchli bo'ladi deya bong urmoqda.

AQSh hukumati nazarida xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib ish ko'rishi lozim. Prezident Barak Obama Qaddafiyni hokimiyatdan ketishga chaqirgan. Uning fikricha Liviyaning 42 yillik rahbariga ishonch qolmagan. "Xalqingiz buni ochib aytib turibdi", - deydi u.

Liviya-Tunis chegarasida o'nlab ming odamlar madad kutib o'tiribdi

Muxolif kuchlar bugun Bing'oziga yo'l olgan ikki harbiy samolyotni otib tushirganini aytmoqda.

Qaddafiyga sodiq qo'shinlar Bingo'ziga qo'shni Ajdabiya shahrini nishonga olgan. O'tgan ikki kun ichida Ajdabiyada 30 kishi o'lgani ma'lum.

Hukumat Misrata, Liviyaning uchinchi yirik shahrini muxolifatdan qaytarib olganini da'vo qilmoqda. Oppozitsiya bu yolg'on deydi.