BMTning Afg'onistondagi missiyasi Tolibonni huquqbuzarliklarda aybladi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg’onistondagi missiyasi so’nggi 10 oydan beri mamlakatni boshqarayotgan Tolibon hukumatini suddan tashqari qotilliklar, qiynoqlar, asossiz hibsga olishlar, g’ayriinsoniy jazo berishlarda aybladi.

Your browser doesn’t support HTML5

July 20 - Xalqaro hayot.mp4

Missiya hisobotida aytilishicha, harakat, asosan, eski hukumatda ishlagan xizmatchilar, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va ayollarni nishonga olgan. Shu bilan birga, deyiladi hujjatda, bunday noqonuniy harakatlarga qo’l urganlar jazosiz qolgan.

Tolibon so’zlovchisi Qori Yusuf Ahmadiyning aytishicha, hukumat yaqin orada bu ayblovlarga munosabat bildiradi.

Rasmiylarning bungacha bir necha bor aytishicha, ayrim insonlar va muayyan guruhlarga aloqador odamlardan o’ch olish maqsadida amalga oshirilgan bunday hujumlar rahbariyat ko’rsatmasisiz yo’l qo’yilgan o’zboshimcha harakatlardir, jangarilarga bunday harakatlardan o’zini tiyish buyurilgan.

BMT hisobotiga ko’ra, noqonuniy jazo kampaniyasiga Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi hamda Bosh razvedka boshqarmasi asosan qo’l urgan.

"Ayollar va qizlar ta’lim olish, ishlash, ijtimoiy va kundalik hayotning boshqa jabhalarida ishtirok etish huquqlaridan qadamma-qadam, ayrim hollarda esa butunlay mahrum etilgan”, - deyiladi BMT idorasi hisobotida.

Unga ko’ra, Tolibon hokimiyatga kelganidan beri 700 odam o’ldirilgan. Aksariyatining “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga aloqadorligi aytilmoqda.