Afg’oniston AQShdan xolis, tezkor tergov talab qilayapti

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar afg’onlar ishonchini qozonishni istasa, Qur’on yoqilishi hamda tinch fuqarolar o’limi yuzasidan tergov tezkor va ochiq bo’lishini ta’minlashi lozim.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashuvda bu haqda bayon qildi.

Kobuldagi Bagrom harbiy bazasida diniy adabiyotlar ko’kka sovurilgani va Qandahorda amerikalik askar 16 kishini otib o’ldirgani ketidan Kobul-Vashington munosabatlari murakkab bir davrni boshdan kechirmoqda.

“Men va prezident Obama bu noxush voqealardan chuqur afsusdamiz va afg’on xalqiga hamdardmiz. Bular Amerika va uning xalqi qadriyatlarini aks ettirmaydi”, - deydi Xillari Klinton.

Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul deydiki, orada ishonchni tiklash uchun adolat qaror topishini ta’minlash kerak.

“Jinoyatlar adolatli va xolis tergov qilinsin, javobgar shaxslar sudga tortilsin. Shunda Amerika bilan do’stligimiz va hamkorligimiz mustahkam ekaniga ishonsa bo’ladi”.

Vashingtonda o’tgan muloqotda uzoq muddatli strategik hamkorlik bitimi ustida muzokaralar qanday ketayotgani ham tilga olindi. Karzay ma’muriyati NATOdan tungi reydlarni bas qilishni so’rab keladi.

Zalmay Rasul kelishuv imzolanishiga ishonch bildirdi.

“Afg’onistonni terrorizmdan xalos qilish, tinch demokratik jamiyatga aylanishi uchun ikki davlat so’nggi 10 yildan beri birgalikda harakat qilib kelmoqda. Yaqin ittifoqchilik kelajakda ham davom etishiga shubha yo’q”, - deydi u.

Afg’onistondagi koalitsiya qo’shinlari qo’mondoni general Jon Allen shu hafta AQSh Kongressida so’zlab, al-Qoidaga qarshi kurashda yutuqlar bor degan.

Qonunchilar savollariga javob berar ekan, general shu yil oxirigacha qo’shin sonini kamaytirmaslikni so’radi. 2014-yilga borib esa barcha davlatlar Afg’onistondan askarlarini olib chiqmoqchi.