Qirg'izistonga ajratilgan mablag'ning har bir dollari to'g'ri sarflanadi, deydi AQSh koordinatori

Daniel Rozenblum (Rosenblum) AQShning Yevropa va Yevrosiyo davlatlariga beradigan yordami uchun javob beradi. "Qirg'izistonga yordam naqd puldan iborat emas; byudjetga ham hissa qo'shmayapmiz, butun ko'mak taraqqiyot va gumanitar dasturlardan iborat bo'la

AQSh Qirg’izistonga yordam tariqasida qariyb 49 million dollar ajratishga qaror qilgan. Bu mablag’ O’sh va Jalol-Obodda uyi kuyib kul bo’lgan, qirg’inda aziyat chekkan, yaqinlari va butun tirikchiligidan ayrilgan aholiga emas, yulg’ich va poraxo’r rahbarlar cho’ntagiga ketadi degan xavotirlarning cheki yo’q.

Daniel Rozenblum (Rosenblum) AQSh har yili Yevropa va Yevrosiyo davlatlariga beradigan yordamni muvofiqlashtiruvchi rasmiy. Ayni damda diqqati Qirg’izistonda.

Yaqinda O’shda bo’lib, u yerdagi murakkab vaziyatni o’z ko’zi bilan ko’rgan Rozenblum "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'ldi.

"Amerika Ovozi": Yordam qay yo’sinda yetkaziladi? Siz Bishkekka bir chamadon naqd pul olib borib, prezident Roza Otunbayeva qo’liga tutqazmaysizku, to’g’rimi?

Rozenblum: Aslo unday emas. Yordamni AQSh idoralari turli dasturlar orqali ko’rsatadi. Eng yirigi AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID). Bizning ekspertlar u yerga borib, turli sohalarda ko’maklashadi, masalan moliya yoki ichki ishlar tizimini isloh qilishda. Taraqqiyot loyihalari bilan chiqqan nohukumat tashkilotlarga grantlar beramiz. Biznes sektori uchun qarzlar… Biz byudjet uchun bevosita mablag’ bermaymiz. Boshqa donor davlatlar xazinaga hissa qo’shishi mumkin, ammo AQSh odatda bunday qilmaydi.

"Amerika Ovozi": Obama ma’muriyati bu yordam bilan aynan nimaga erishmoqchi?

Rozenblum: Birinchidan, zo’ravonliklardan jabr ko’rgan insonlarga favqulodda zarur yordam ko’rsatish. Tibbiy, moddiy va hokazo. Ikkinchidan, janubni, O’sh va Jalol-Obodni qayta tiklash. Buni biz mahallama-mahalla qilishni xohlaymiz, toki aholi ish bilan ta’minlansin, mablag’ ularning qo’liga borsin. Uchinchidan esa bunday mojarolar qayta ro’y bermasligi uchun harakat qilish. Tinchlikparvarlik loyihalarini ishga solish.

"Amerika Ovozi": Lekin Qirg’izistonda hammaga oydek ravshan muammo bu korrupsiya. Millionlab yordam puli to’g’ri maqsadlarda sarflanishini ta’minlash uchun nima qilayapsiz?

Rozenblum: Biz pulni o’z iznimizdagi idoralarga berayapmiz. Ular mablag’ni biz ma’qullagan proyektlar uchun ishlatadi. Butun nazorat o’z qo’limizda. Agar biz Qirg’iziston byudjeti yoki xazinasiga pul tashlaganimizda, unda audit, moliyaviy tekshiruvni yo’lga qo’ygan bo’lardik. Lekin biz hozir turli loyihalarni, masalan qishloqlarni qayta tiklash yoki irrigatsiya tizimini mustahkamlash kabi proyektlarni AQShda asoslangan xalqaro tashkilotlarga yuklab, har bir dollar qayoqqa ketayotganini muntazam ravishda tekshirish imkoniyatiga egamiz. Mana pul, qani natija qabilida ishlaymiz. Bu tashkilotlar albatta mahalliy muassasalar bilan hamkorlik qiladi, ammo, ishoning, biz butun jarayonni chig’iriqdan o’tkazamiz. Mablag’ yoki moddiy yordamni o’marish ehtimoli juda past.

"Amerika Ovozi": Yaqinda O’shga borib, qirg’indan keyingi ahvol bilan tanishdingiz. Muammo qanchalik murakkab va aholi hayoti bugun naqadar og’ir ekanini tushunamiz, deb ishonch bilan ayta olasizmi?

Rozenblum: “Juda qayg’uli manzara. O’shdagi vayronalarni ko’rib, odamlar yuzidagi g’amu-anduhni ko’rib, achinmay bo’ladimi? Uylari yonib kul bo’lgan oilalar bilan ko’rishdik, gaplashdik, hovlilarni kezdik. O’zbek mahallalari yer bilan yakson qilinganini ko’rdim. Qirg’izlar bilan ham gaplashdik. Iyun voqealari nafaqat moddiy jihatdan qimmatga tushgan, balki insonlar hayotini chilparchin qilgan, ruhan juda og’ir yara qoldirgan. Odamlar azada, g’azabda… Bu fojia oqibatlariga qarshi, bu azobni yengish uchun uzoq kurashish kerak bo’ladi”.

"Amerika Ovozi": Vashington amaldagi strategiya-siyosatini o’zgartirishi kerak, Qirg’iziston hukumati zaif va layoqatsiz ekanini ko’ra-bila turib, uni quvvatlamoqda degan tanqid va chaqiriqlar tez-tez yangramoqda… Hozirgi yondashuvni izohlab bersangiz.

Rozenblum: Men O’shdan hozirgi qilayotgan ishimiz to’g’ri degan ishonch bilan qaytdim. Berayotgan yordamimiz bu xalq uchun zarur. Eng muhimi fuqaro himoyasi va xavfsizlik. Buning ustida bosh qotirayapmiz. Ishlayapmiz. Fojia tergov qilinishi shart. Xalqaro tergovni quvvatlayapmiz. Vaziyat qaltis, lekin ajratilayotgan mablag’ xalq hayotini biroz bo’lsa-da osonlashtiradi degan umiddamiz.