So’nggi haftalarda AQSh-Meksika chegarasini 50 mingdan ziyod bola kesib o’tdi. Aksariyatining hech qanday hujjati yo’q. Ko’plari vatanidagi jinoiy to’dalar zo’ravonligidan qochgan. AQShning Texas va Arizona shtatlaridagi hibsxonalar hujjatsiz bolalarga to’lib ketgan.
Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatidagi hibsxonalarda yuzlab bolalar saqlanmoqda. Ular hech qanday hujjatsiz chegarani kesib o’tishga urinayotganida qo’lga tushgan. Odatda chegarani buzgan Meksika fuqarolari zudlik bilan ortga qaytariladi, boshqa mamlakatlar fuqarolari ishlari ham immigratsion sudlarda tezda ko’rib chiqiladi. Ammo qonunga ko’ra, bolalarni kattalarsiz vataniga qaytarish taqiqlangan. Ularning ishini esa Qochqinlarni ko’chirish idorasi ko’rib chiqadi. Bolalar, shuningdek, AQShda yashaydigan qarindoshlari qaramog’ida qolishi mumkin.
Hibsxonada bolalar shu qadar ko’payib ketganki, ularning ishini tezlatishning iloji yo’q. Chegara xizmati va immigratsiya idorasi xodimlarining boshi qotgan.
Milliy chegara xizmati kengashi vitse-prezidenti Shon Moran so’zlariga ko’ra, shu kunlarda Meksika bilan chegaradosh Rio Grande daryosi bo’ylab g’ayrioddiy hollar uchramoqda.
“Ko’pincha chegarani buzib o’tganlar Chegara xizmatidan qochadi, faqat tan jarohati olgan bo’lsa chegarachilardan yordam istab, oldiga kelishi mumkin. Ammo hozir odamlar chegarachilarni o’zi izlab topmoqda. Ular atayin ochiq joylarda kutib turadi va qo’lga olinishni xohlaydi,” - deydi u.
Oq uy rasmiylari fikricha, zo’ravonliklar girdobida qolgan Salvador, Gvatemala va Gonduras kabi mamlakatlarda odamlar farzandlarini qutqarish uchun AQShga jo’natadi. Avvaliga shunday edi, deydi Moran. Ammo so’ngra sabablar o’zgardi.
“Hibsdagi odamlar bilan suhbatlardan shu ayon bo’ldiki, ularning aksariyati oila a’zosi yoki do’stidan “Amerika hozir chegara buzganlarni vataniga qaytarmayotgan ekan”, degan gapni eshitgan. AQSh mamlakatda qolishni ruxsat etadi, deb ishonadi ular".
Moran deydiki, razvedka ma’lumotlariga ko’ra, chegarani kesib o’tishni kartellar – jinoiy guruhlar tashkil etadi va nazorat qiladi. Ular odamlar hamda narkotiklarni noqonuniy ravishda olib o’tadi.
“Stratfor” tahliliy markazidan Meksika bo’yicha ekspert Tristan Rid fikricha, Meksika narko-kartellari Markaziy Amerikadan kelayotgan muhojirlardan o’z manfaatlarida foydalanayotgani ehtimoldan xoli emas.
“Ular kim va qayerda chegaradan o’tishini belgilaydi. Ular uchun bu chegara xizmatining ishini ko’paytirib, chalg’itib, AQShga qimmat qoradorini olib kirish uchun yaxshi imkoniyat,” - deydi tahlilchi.
Ammo, Rid fikricha, immigrantlar sonining ko’payishining boshqa sabablari ham bor. Aslida Markaziy Amerika mamlakatlarida jinoyatchilik va zo’ravonlik ko’payib vaziyat beqarorlashgani, xususan afyun savdosi ortgani odamlarni shimolga, Qo’shma Shtatlarga yetaklamoqda, deydi tahlilchi.
“Ular shahar va mahallalarda olib borilayotgan urushlardan qochmoqda. Narkotiklar bilan birga pul ham oqib keladi. Jinoyatchilar, ayniqsa Meksika jinoiy guruhlari Markaziy Amerikada faoliyatini kengaytirmoqda”.
Qashshoqlik va iqtisodiy imkoniyatlarning yo’qligi ham katta faktor, deydi tahlilchi Tristan Rid. Aynan shu sabab bilan ota-onalar farzandlarini Meksika chegarasidan AQShga, uzoq safarga jo’natishga rozi.