AQSh Kongressi bu yilgi byudjetni ma’qulladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi bu yilgi byudjetni ma’qulladi

AQSh Kongressi joriy yil byudjetini 38 milliard dollarga kesishga doir hujjatni ma’qulladi.

Masala avval Vakillar Palatasi, so'ngra esa Senatda ovozdan o'tgan. Endi prezident imzo qo’yib, kuchga kiradi.

Respublikachilar ham, demokratlar ham xarajatni kamaytirish tarafdori. Lekin partiyalar nima hisobiga kamaytirish haqida turlicha fikrda.

Maqsad - yildan yilga oshib borayotgan kamomadni jilovlash. Bu yil bu raqam 1, 5 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.

Palataning respublikachi va demokrat qonunchilari bugun kuni-bo’yi sarfiyat borasida talashib-tortishgan - har birining muammo yechimi haqida fikri har xil.

Kongress quyi qanotida ustunlikni qo’lga kiritganiga 100 kun to’lar ekan, muxolif Respublikachilar partiyasi “bahsda biz ustun keldik” deydi.

AQSh Kongressi bu yilgi byudjetni ma’qulladi

Palata spikeri Jon Beyner fikricha, hujjat mukammal emas, lekin xarjni kamaytirish yo’lida bu olg’a qadam.

Hujjat sog’liqni saqlashga doir dasturlar, grantlarni qisqartirish, boylar uchun soliqni oshirishni ko’zda tutadi.

Kelgusi 10 yilda buning hisobiga 315 milliard dollar tejalishi kutilmoqda.

Bu – Oq Uy, Palata spikeri, respublikachi Beyner va Senatda hukmron demokratlar o’rtasidagi uzoq va achchiq bahs va murosa mahsuli.

Demokratlar fikricha, respublikachilar keksa fuqarolar, o’rtahol va yo’qsil oilalar uchun atalgan pulni qirqmoqchi. Bu siyosatdan faqat badavlat qatlam foyda ko’radi, deydi ular.

AQSh byudjet kamomadi hozirda 1 yarim trillion dollarga yetay deb qolgan

Kecha prezident Barak Obama kelasi 12 yilda byudjet kamomadini 4 trillion dollarga qisqartirish rejasini e’lon qildi.

Obama fikricha, undan oldingi rahbar Jorj Bush davrida davlatmand oilalarga berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish kerak.

Ertaga Vakillar Palatasida 2012 yilgi byudjet loyihasi muhokama qilinadi.

Respublikachilar ishlab chiqqan bu hujjatda samarasiz ijtimoiy dasturlarni tugatish haqida so’z boradi. Biroq demokrat qonunchilar izohiga ko’ra, bu choradan keksalar va yo’qsil oilalarni himoya qiluvchi loyihalar ziyon ko’radi.