Siyosiy karikatura o'ziga xos san'at, deydi uning ustalari

  • Amerika Ovozi
AQShda saylov kampaniyasini yaqindan kuzatib borayotganlar orasida siyosiy karikatura ustalari alohida o'ringa ega.

Matt Vurker - mohir karikaturachi. Politico.com veb sayti va gazetasida ishlaydi. Bu safar u respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romnidan ilhomlandi.

Uni Maria-Antuanetta qiyofasida, shirinliklar yeyayotganini tasvirladim, deydi Vurker.

Yaqinda yashirin ravishda videoga olingan bir chiqishida Romni amerikaliklarning 47 foizi hukumat yordamiga qaram, shuning uchun ularning ko’nglini ovlash befoyda, degan edi. Vurker nomzodni “xalqning yeyishga noni bo’lmasa, shirinliklar yesin” degan va ko’p o’tmay g’azablangan xalq tomonidan qatl etilgan erkatoy fransuz qirolichasiga o’xshatdi.

"Men an’anaviy uslubda ishlayman. Zamonaviy karikaturachilar rasmda so’z, ya’ni matndan ko’p foydalanadi. Men esa tasvir orqali hazil-mutoyiba qilaman", - deydi u.

Prezident Obama ham hajviya uchun yaxshigina ilhom manbai, deydi Vurker. Lekin Jorj Bushga teng keladigani bo’lmagan.

"Jorj Bush va Dik Cheyni rahbarligi siyosiy karikaturaning oltin davri edi. Jahon hamjamiyati qiynaldi, lekin biz maza qilgandik", - deydi rassom.

Internet rivojlanib, gazetalar kamayayotgan bir davrda karikaturachi uchun non topish ham qiyinlashdi.

"Norasmiy so’rovlarimizga ko’ra, so’nggi yillarda gazetalarda doimiy ravishda ishlaydigan karikaturachilar soni 100 dan taxminan 60 gacha tushdi", - deydi karikaturachi Jimmi Margules.

Zamon talablariga moslashar ekan, yosh karikaturachi Chip Bok o’z veb saytini ochdi.

"Ha, qiyin davrda yashayapmiz. An’anaviy uslubda ishlaydiganlar uchun karikaturachi bo’lish oson emas. Biroq ayni vaqtda yangi imkoniyatlar ham paydo bo’lyapti. Internetda karikatura juda ko’p. Lekin bu kasb bilan ko’p pul topmaysiz baribir", - deydi Bok.

Your browser doesn’t support HTML5

Siyosiy karikatura/US Cartoonists