So’nggi paytda AQShning amaldagi va sobiq rasmiylari Xitoyga tez-tez qatnamoqda. Davlat kotibi Entoni Blinken ketidan bu mamlakatga Moliya vazirasi Janet Yellen, Oq uyning iqlim bo’yicha vakili, sobiq davlat kotibi Jon Kerri, payshanba kuni esa shu yil mayida 100 yoshga to’lgan yana bir sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer bordi. Vashington Pekin bilan aloqalarni iliqlashtirishga harakat qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
1970-yillardan beri Xitoyga yuzdan oshiq marta safar qilgan Kissinjerni Xitoy Prezidenti Si Zinpin qabul qildi.
“Mamlakatlarimiz o’rtasidagi aloqalar dunyo tinchligi uchun muhimdir”, - dedi keksa diplomat.
Oq uy Kissinjerning Xitoyga safari mahalliy matbuotda Amerikaning amaldagi rasmiylarining tashrifidan ko’ra ko’proq yoritilganini afsus bilan tilga oldi.
“Afsuslanarlisi shuki, oddiy fuqaro Xitoy mudofaa vaziri bilan uchrashish imkoniyatiga ega bir paytda AQSh hukumatida bunday imkoniyat yo’q”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi.
Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfu amerikalik hamkasbi bilan uchrashishdan va gaplashishdan bosh tortib keladi.
Oq uy Pekin ikki mamlakat harbiylari o’rtasidagi aloqa kanalini ochishdan bosh tortib kelayotganidan afsusda.
“Ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda uni yumshatish va tushunmovchiliklarning oldini olish uchun telefon go’shagini ko’tarib, narigi tarafdagilar bilan gaplashish imkoni bo’lishi kerak. Ikki taraf harbiy kemalari yoki samolyotlari bir-biriga o’ta yaqinlashgan bir paytda tahdid va tushunmovchilik ehtimoli kuchayadi, agar o’zaro aloqa bo’lmasa”, - deydi Jon Kirbi.
Oq uyning iqlim bo’yicha vakili Jon Kerri ham Pekinda sovuq qarshilandi.
O’tgan yili AQSh Vakillar palatasining o’sha paytdagi spikeri Nensi Pelosi Pekin qarshiligiga qaramay Tayvanga borganidan so’ng avgust oyida Xitoy atrof-muhit va iqlim bo’yicha AQSh bilan muloqotni to’xtatib qo’ydi.
Kerri Xitoy rahbariyatini hamkorlikni jonlantirishga urinib ko’rdi, ammo bundan foyda bo’lmadi.
“Iqlim inqirozini hal qilishga hech narsa halaqit bermaydi degan umiddamiz, chunki oldin ham aytganimdek, bu muammolar tayyor bo’lishimizni kutmaydi”, - dedi Kerri.
Moliya vazirasi Yellen ham Xitoyni savdo bobida hamkorlikka undadi.
“Ta’minot zanjirlarimiz barqarorligini kuchaytirishga faol harakat qilyapmiz. Ammo bu ishni yolg’iz o’zimiz qilmasligimiz va shuning uchun Xitoy bilan savdo aloqalarini to’xtatmasligimiz kerak. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlar bilan ham hamkorlikda ishlashni istaymiz”, - dedi Amerika rasmiysi Vyetnamga borib.
Har yozda Vashingtonda o’tadigan Aspen xavfsizlik forumida Xitoy elchisi ham qatnashib, uning mamlakati AQSh bilan ziddiyatga intilmayotganini aytdi.
“Xitoy har qanday savdo urushiga, raqobat bahonasida texnologiyalar urushiga qarshi. Xitoy hamkorlikdan bo’yin tovlamaydi, biroq AQShning raqobat haqidagi tushunchasini adolatli deb bilmaymiz”, - dedi yaqinda elchilik faoliyatini boshlagan Se Fen.
AQSh Kongressida o’tgan tinglovda Xitoy Amerika energiya tarmog’i va kiberxavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgani haqida gap ketdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu da’volarni inkor etdi.
“Qo’shma Shtatlar asossiz ayblovlardan yoki siyosiy maqsadlarda boshqa davlatlarga tuhmat qilishdan o’zini tiyishi kerak va aksincha boshqalarga qarshi kiberhujumlarga chek qo’yib, kiberxavfsizlikni haqiqatda himoya qilish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi zarur”, - dedi vazirlik so’zlovchisi Mao Nin.
AQSh Senatida shu hafta mudofaa byudjeti bo’yicha munozaralar boshlangan. Uning ayrim bandlari Xitoyga tegishli.
“Sarmoyalar jangovar salohiyatimizni kuchaytirishga, raqiblarning zaifliklaridan foydalanib, Hind va Tinch okeanida muhim operativ muammolarni hal qilishga yordam beradi”, - deydi mudofaa vazirining yordamchisi Eli Ratner.
Kelasi hafta Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada bo’lib, Xitoy mavzusini muhokama qiladi.
Prezident Jo Bayden esa sentabr oyida Hindistonda bo’ladigan “Katta Yigirmalik” sammitida Xitoy rahbari bilan ko’rishishga umid qilmoqda.