AQSh Xitoyni huquqni e’zozlashga undasa, Xitoy ichki ishga aralashmang deydi

AQSh Xitoyni huquqni e’zozlashga undasa, Xitoy ichki ishga aralashmang deydi

AQSh va Xitoy rasmiylari yaqinda Pekinda uchrashib, inson huquqlari masalasida muloqot qildi.

AQSh diplomati Maykl Poznerning aytishicha, muzokara mazmunli, samimiy kechgan. Dolzarb muammolar ko’tarilgan.

Ertaga (2 may) Vashingtonda bir haftalik anjuman boshlanishi kutilmoqda. Shinjonda yashovchi uyg’ur xalqining hayoti va muammolari haqida so’z boradi. Maqsad, deydi faollar, AQSh hukumati diqqatini tortish.

AQSh Davlat kotibi muovini Maykl Pozner boshchiligidagi delegatsiya Pekinda ikki kun bo’lib, Xitoyda inson huquqlari bobida Amerika xavotiriga sabab mavzularni ko’tardi.

Xususan, qamoqdagi siyosiy faollar taqdiri, internet va din erkinligi, Tibet va Shinjondagi etnik xalqlar hayoti.

AQSh Xitoyni huquqni e’zozlashga undasa, Xitoy ichki ishga aralashmang deydi

“So’nggi oylarda Xitoyda inson huquqlari borasida salbiy voqealar ro’y berdi. Muloqotda ular sarhisob qilindi. O’nlab odamlar, xususan advokatlar, yozuvchilar, san’at namoyondalari hibsga olingani, ba’zilari izsiz yo’qolib qolgani Qo’shma Shtatlarni xavotirga solmoqda”, deydi Maykl Pozner.

Xitoy inson huquqlari bobida muloqot tarafdorimiz, biroq bu mamlakat ichki ishlariga aralashishga bahona bo’lmasligi kerak, deydi.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Sem Zarifiyning aytishicha, AQSh va boshqa davlatlar Xitoyga bosim qo’yishda davom etishi kerak.

“Muloqot jiddiy jarayonning bir qismi bo’lishi kerak. Bir-ikki muzokara bilan ish bitmaydi”, - deydi u.

Xitoy bizda inson huquqlari bobida muammo yo’q deb turgan bir paytda, bu mamlakatda yashayotgan ikki yirik etnik ozchilkdagi guruhlar – tibetliklar va uyg’urlar buning aksidan nolimoqda.

Hindistonda boshpana olgan surgundagi Tibet hukumati uzoq yillardan beri jahon hamjamiyati diqqatini Tibetdagi ahvolga, Xitoy siyosatiga qaratishga harakat qiladi.

Lobsan Sangay

Hozirda tibetlik faollar safida rahbariyat yangilanmoqda. 75 yoshli diniy yetakchi Dalay Lama iste’foga chiqishi haqida gapirar ekan, surgundagi hukumatga yangi bosh vazir saylangan.

Jahon bo’ylab 55 ming tibetlik 42 yoshli Lobsan Sangayga ovoz bergan. Sangay AQShdagi nufuzli Garvard universitetida huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Yosh arbob Tibet masalasida qanday siyosat olib borishi hozircha noma’lum.

Dalay Lama Tibet mustaqilligiga chaqirmagan. Shunchaki Xitoy tarkibida kengroq muxtoriyat so’ragan xolos. Yosh tibetliklar uning bu yondashuvidan norozi. Ular Tibetning Xitoydan butunlay ajralishini istaydi.

Uyg’ur faollari Vashingtonda xalqaro anjuman uyushtirib, unga AQSh Kongressi vakillari, xalqaro huquq tashkilotlari ekspertlari, tahlilchilarni taklif etgan.

Robiya Qodir

Jahon uyg’urlari kongressi prezidenti Robiya Qodirning aytishicha, Xitoy iqtisodiy qudratga to’lib borayotganidan hayiqmay, uning kirdikorlarini jahon hamjamiyatiga oshkor etishda davom etish kerak (suhbatni to’liq holda audiodan tinglang).

AQShda ba’zi qonunchi va siyosatchilar uyg’urlar orzu va intilishlariga xayrixoh. Hukumatni Xitoyga qarshi qattiqroq bosim qo’yishga da’vat etadi.

Robiya Qodirning aytishicha, Xitoy g’arbida, Sharqiy Turkistonda ham Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi kabi g’alayonlar ehtimoli yuqori.

Uning nazarida, AQSh iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganiga, Xitoy esa iqtisodiy qudrati oshib borayotganiga qaramay, Amerika zaiflashmaydi, Xitoy esa aksincha yemiriladi.