Seshanba kuni poytaxt Vashington joylashgan Kolumbiya okrugi hamda Merilend va Viskonsin shtatlarida saylovlar bo'lib o'tdi.
Respublikachilar orasidan prezidentlikka da'vogarlar saralandi. Uch hududda ham Massachussetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni g’alaba qozongan.
Bu bilan uning noyabr oyida amaldagi prezident Barak Obama bilan Oq Uy uchun bellashish imkoniyati yanada oshdi.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka asosiy nomzod bo'lish uchun da'vogar jami 1144 delegat ovozini olishi kerak.
Romnining asosiy raqiblari - Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum, sobiq spiker Nyut Gingrich va Texasdan kongressmen Ron Pol. Ular poygani tark etmoqchi emas.
Oq uy asosan Romni platformasini nishonga olmoqda. Prezident fikricha Romni taklif qilayotgan byudjet rejasi real talab va vaziyatdan yiroq. Hozir Amerikaga radikal o'zgarishlar kerak emas, deydi Obama.
Prezident iqtisodiyot ancha oyoqqa turganiga urg'u berib, qayta saylanishga bel bog'laganini ta'kidlamoqda.