AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

Yevro pul birligidan foydalanuvchi 17 davlatda o’sish deyarli to’xtagan. Hukumatlar hamkorlikda qarz muammosini hal eta olishiga investorlar ishonmaydi.

AQShda iqtisodiy manzara endi ijobiylashayotgan bir paytda Yevropadan yana qora xabar keldi.

Yevrozonaning yetakchi mamlakati bo’lmish Germaniyada ikkinchi chorakda atigi 0,1 foiz o’sish qayd etilgan. Qarzga botgan Yevropaga shunisi yetmay turuvdi, deydi moliyaviy ekspert Jeffri Sika.

“Agar Germaniyadek baquvvat mamlakat botqoqqa botgan bo’lsa, ishlar pachava. Boshqa davlatlardan nimani kutish mumkin? Bu yog’i besh battar bo’ladi deb o’ylayman. Qit’ani krizis tubiga tortib ketayotgan bank sektorini, ayniqsa Ispaniya va Italiyani og’ir kunlar kutmoqda”, - deydi Jeffri Sika.

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

Kemaga tushganning joni bir deya, Germaniya va Fransiya rahbarlari yaqinda sammitga yig’ilib, umumiy iqtisodiy strategiya taklifi bilan chiqishdi.

Ammo investorlarni uzoq muddatli rejalar qiziqtirmaydi. Ertaning moyidan bugunning choyi afzal.

“Rahbarlar ertani o’ylayotgani yaxshi, lekin bugun nima qilmoqchisiz, shundan gapiring”, - deydi banker Robert Halver.

Hisobotlardan bilamizki, AQSh korporatsiyalari qora kunga deb bir dunyo pul g’amlab qo’ygan. Vaziyat bir oz oydinlashmaguncha, uni sarflagisi yo’q.

“Amerika o’zini eplaydi deya ba’zida Yevropadagi muammolarni esdan chiqarib qo’yayapmiz. Bank tizimlari bir-biriga chambarchas bog’liq. Buni anglagan sari hammani vahima bosayapti”, - deydi moliyaviy ekspert Jeffri Sika.

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

AQSh va Yevropa yana bir inqiroz yoqasida

Mutaxassislar fikricha, agar tanazzul Gretsiya va Portugaliya qatorida boshqa davlatlarni ham o’z iskanjasiga olsa, deylik Italiya va Ispaniyaga hech kim qarz bermaydi.

Yuqori stavkalar defoltga yetaklashi hech gapmas. Shundoq ham qiyin ahvolda qolgan banklar yana bir inqirozga chidab bera olmaydi.

Yevropa rahbarlari aniq, effektiv yechimlar bilan chiqishi lozim, deydi Jeffri Sika. Aks holda, yil oxirigacha bozorda xotirjamlik bo’lmaydi.

“Yevropadan kelayotgan har bir xabar Amerikada qimmatli qog’ozlar bozoriga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Yana bir krizis haqidagi bashoratlarni ro’yobga chiqaradi”.

17 davlat birgalashib yevro-obligatsiyalar chiqargani ma’qul, deydi ba’zilar. Gretsiya, Portugaliya va Irlandiya uchun bu qarz olishni yengillashtirgan bo’lardi.

Ammo Germaniya va Fransiya bunga rozi emas, chunki oxir-oqibat og’irini ular ko’taradi.