Federal qidiruv byurosi rahbarligiga nomzod qiynoqlarga qarshi

  • Amerika Ovozi

Jeyms Komi

Prezident Barak Obama AQSh Federal qidiruv byurosi rahbarligiga qiynoqlarni tanqid qilgan Jeyms Komini taklif etmoqda. Nomzod Senat tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bosh prokurorning sobiq yordamchisi bo’lgan Komi 9-iyul kuni Senat a’zolari savollariga javob berdi.

Jeyms Komi Jorj Bush prezidentligi davrida qo’llangan qiynoqlar haqidagi qizg’in muhokamada faol qatnashgani bilan taniqli. Uning bu boradagi fikrlari Federal qidiruv byurosi rahbari etib tayinlanishi kutilayotgan damda yana bir bor yodga olindi.

Qiynoq qo’llash masalasi 2001-yil 11-sentabr xurujidan so’ng bahs mavzusiga aylandi. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tergov jarayonida ayrim qiynoq usullarini qo’llagani, xususan, mahbuslardan suvga dimiqtirish orqali ma’lumot olgani tanqidlarga uchragan.

2004-yilda Komi bunday tergov uslubiga qarshi ekanini aytgan edi.

9-iyul kuni Senatning Sud tizimi qo’mitasi oldida ko’rsatma berar ekan, Komi bu haqdagi fikrini yana bir bor tilga oldi.

“Men suvda cho’ktirish uslubi haqida birinchi bor eshitganimda fuqaro va rahbar sifatida bu qiynoq, deb o’ylaganman. Hozir ham shu fikrdaman”, - deydi u.

Senat a’zolari nomzod Komiga, shuningdek, fuqarolarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni to’plash uslublari haqida savol berdi.

Komi AQSh Milliy xavfsizlik agentligi kompyuterchisi Edvard Snouden matbuotga oshkor etgan ma’lumotlar haqida to’xtalmadi, ammo ma’lumot to’plash zarurati borligini tilga oldi.

“Hozirgi dastur qandayligini yaxshi bilmayman. Maxfiy ma’lumot olish huquqim ham yo’q, chunki sakkiz yildan buyon hukumat muassasasi xodimi emasman. Umuman gapiradigan bo’lsam, ma’lumot to’plash aksil-terror harakatlarda katta ahamiyatga egaligini aytishim mumkin”, - dedi Komi.

Agar Senat tasdig’idan o’tsa, Komi Federal qidiruv byurosi direktori lavozimida 10 yil ishlaydi.