Qo’shma Shtatlar XAMAS rahbarlarini 7-oktabr kuni Isroilga qarshi hujumlarni rejalash, qo’llab-quvvatlash va amalga oshirishga aloqadorlikda ayblab, ularga qarshi jinoiy ish qo’zg’atdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Gap harakatning yangi rahbari Yahyo Sinvar, sobiq rahbarlari Ismoil Haniya va Xolid Mash’al, harakat harbiy qanotining qo’mondoni Muhammad Dayf, uning muovini Marvan Iso va yana bir yetakchisi Ali Baraka haqida ketmoqda.
Isroilga hujumda o’lgan 1200 odamning 40 dan ziyodida AQSh fuqaroligi ham bo’lgan.
"Ayblanuvchilar Eron hukumatidan olgan qurollari, siyosiy madad va moliyaviy yordam bilan hamda “Hizbulloh” ko’magida Isroil davlatini yo’q qilishga, oddiy aholini o’ldirishga qo’l urdi”, deyiladi AQSh Bosh prokurori Merrik Garlend bayonotida.
Ismoil Haniya iyul oyida Tehronda o’ldirildi, Muhammad Dayf ham shu oyda Isroil havo hujumida nobud bo’lgan, Marvan Isoni esa Isroil mart oyida yo’q qildi.
Sinvar G’azoda yashirinmoqda, Mash’al Qatarda, Baraka esa Livanda ekani ma’lum.
AQSh Adliya vazirligining bir rasmiysiga ko’ra, jinoiy ish fevralda qo’zg’atilgan, biroq Qo’shma Shtatlar Haniyani hibsga olish umidida bu haqda jamoatchilikka e’lon qilmagan edi.
AQSh Isroil va XAMASni Isroilda otashkesimga kelishishga ham ko’ndirishga harakat qilmoqda. Bayden ma’muriyatiga ko’ra, agar bu harakatlar keyingi uch haftada ijobiy natija bermasa, Vashington vositachilikdan voz kechadi.
XAMAS va Isroil pozitsiyalarida o’zgarish kuzatilgani yo’q. Benyamin Netanyaxu Misr bilan chegaradagi Filadelfiya koridorida askarlarini qoldirmoqchi, XAMAS esa kelishuv doirasida Isroildan qo’shinlarini sektordan olib chiqishni talab qilmoqda.
G'azoda 187 mingta bola falajdan emlandi
Bu o’rtada G’azoda bolalarni poliomiyelitdan emlashning birinchi bosqichi yakunlandi. BMT idorasiga ko’ra, uch kunda 187 mingga yaqin bola emlangan.
Isroil emlash paytida harbiy harakatlarni to’xtatishga so’z bergan.
Ammo gumanitar tanaffus yetarli emas, deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan Rik Piperkorn.
“Haqiqiy yutuqqa erishish uchun otashkesim bo’lishi kerak, tegishli tinchlik jarayonini boshlash zarur”, - deydi u.
Otashkesimni Isroil aholisi ham talab qilmoqda. G’azoda XAMAS garovga olgan olti isroillikning jasadi topilganidan so’ng Netanyaxu hukumatiga bosim kuchaymoqda. XAMAS qo’lida hamon 101 taga yaqin odam qolmoqda. Isroil xalqi hukumatni ularni eson-omon qaytarishga chaqirmoqda.
Isroil G'arbiy Sohilda harbiy amaliyotini kuchaytirmoqda
Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilida ham harbiy amaliyotini faollashtirmoqda, XAMAS va “Islomiy jihod” infratuzilmalarini izdan chiqarishga zo’r berayotganini da’vo qilmoqda.
Falastinliklarga ko’ra, bu Isroil armiyasining 20 yildan oshiq davr mobaynidagi eng katta amaliyotidir. Harbiylar asosan Jenin va Tulkarm shaharlarida faol.
“G’azo Sektorida XAMAS deyarli butunlay yo’q qilingan. Eron va XAMASning xorijdagi rahbariyati buni anglamoqda va bu yo’qotishlarini qoplash maqsadida G’arbiy Sohilda infratuzilmasini kuchaytirmoqda, Suriya, Livan, Iroqdan hududga qurollar, pul va portlovchi moddalar olib kirmoqda”, - deydi Tel-Aviv universiteti qoshidagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Kobi Maykl.
Isroil siyosiy va harbiy rasmiylari G’arbiy Sohilda terrorchilar faolligi, jumladan mahalliy sharoitda qurol ishlab chiqarish oshganini aytadi.
“Jeninda, Ramallohda bir necha yildan beri raketalar, bombalar va boshqa turdagi qurollar ishlab chiqarilayotganini aniqladik va shular bizning nishonimiz”, - deydi Isroil parlamentida hukmron “Likud” partiyasidan deputat Amit Halevi.
Biroq falastinliklar Isroilning amaliyotlaridan tinch aholi jabr ko’rayotganidan, Jenin qochqinlar lagerida harbiylar hamma joyni kovlab yo’llarga zarar yetkazayotganidan shikoyat qilmoqda.
“Bunday adolatsizlik, G’azodagi voqealar hamda Isroilning bosqini G’arbiy Sohilda yashovchi falastinliklarni qo’lga qurol olib kurashishga majburlamoqda”, - deydi "Al-Sharq News" jurnalisti Muhammad Darag’me.
O’tgan yil oktabridan beri Isroil armiyasi o’qidan G’arbiy Sohilda o’lgan falastinliklar soni 680 taga yetdi