Amerikada o’tgan oy atigi 54 ming ish o’rni yaratilgan xolos. Ishsizlik sur’ati esa yana bir foizga ko’tarildi.
Ikkinchi muddatga saylanishga umid qilayotgan prezident Barak Obama xalq farovonligini ta’minlash yo’lida qo’ldan kelganini qilayapmiz desa-da, ishsiz yurgan amerikaliklarni bunga ishontirish qiyin.
Uch yildan beri ishga joylashaman, deb sarson bo’lgan odamlar millionlarni tashkil etadi.
Amerikada may oyida 150 ming ish o’rinlari yaratilishi kutilgan edi, shundan uch baravar kam chiqdi. O’sish sekinlashgan.
Iqtisodchilarni o’ylantirayotgan narsa – bu vaqtinchalik holatmi yoki AQSh yana bir tanazzul girdobiga tortilayaptimi?
Bankir Mark Vitner yilning ikkinchi yarmi ijobiyroq bo’ladi degan fikrda.
“So’nggi payt narx-navo, xususan benzin bahosi cho’ntakni chaqadigan darajada yuqorilab ketdi. Yaponiyadagi zilzila sabab ehtiyot qismlar kelmay qo’ygan. Lekin bular vaqtinchalik muammolar. Yana bir-ikki oy sabr qilsak, vaziyat joyiga tushib ketadi”, - deydi Vitner.
Oq uy amerikaliklardan sarosimaga tushmaslikni so’ramoqda. Prezident Barak Obama “Chrysler” avtomobilsozlik kompaniyasining Ogayo shtatidagi zavodida bo’lib, “AQSh tarixidagi eng chuqur tanazzuldan sekin-asta tuzalayapmiz”, dedi.
Hukumat ajratgan ko’mak avto sanoatni bankrotlikdan va millionlab fuqaroni ishsizlikdan saqlab qoldi.
“Muhimi, hozir avto kompaniyalar yana ishchi yollay boshlagan. Bunaqangi o’sish 1990-yillardan beri kuzatilmagan edi”, - deydi Obama.
Tanqidchilar nazarida esa prezident g’alaba nog’orasini erta chalyapti. Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner:
“Xususiy sektor, tadbirkorlardan bir so’rab boqing. Yuqori soliqlar va haddan ziyod nazoratdan shikoyat qiladi ular. Hukumat har bir muammoni qo’shimcha xarajat bilan hal qilmoqchi”.
Ko’rsatkichlar bu so’zlarni tasdiqlab turganday. AQSh zavod-fabrikalarida o’tgan oy mehnat o’rinlari 5 mingga qisqardi, savdo-sotiq va xizmat ko’rsatish sohasida yana 6 ming fuqaro ishidan ayrilgan.
Umidni boy bermaslik kerak, deydi Mehnat vazirasi Xilda Solis “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. Yangi kasb-hunar o’rganishga harakat qiling, deya maslahat beradi.
“So’rovlardan bilamizki, malakali ishchilar har yerda kerak. Kurslarga qatnab, treyningdan o’tib, o’ziga ish topayotganlar ko’p. Muhojirlar uchun ingliz tilini o’rganish ham muhim”, - deydi vazira.
Oq uyning bildirishicha, so’nggi 1,5 yil ichida ikki milliondan ziyod fuqaro yangi ishga joylashgan. Ishsizlar safi undanda keng – 14 million va ko’payib bormoqda.