Eron Qo’shma Shtatlarni avianosetslarini Fors ko’rfaziga qayta kiritmaslik haqida ogohlantirmoqda. Kuni kecha Ormuz bo’g’oziga yaqin joyda Eron harbiy dengiz mashqlari yakunlandi.
General mayor Otaulla Solihiy “bir bor ogohlantirish berdik va boshqa gapirib o’tirmaymiz” deydi. Uning aytishicha, Amerika harbiy kemasi Eron dengizda mashq qilayotgan payt kelgani bejiz emas. “Dushman ketimizdan poyladi”, - deydi u.
AQShning Bahraynda asoslangan dengiz floti vakillari harbiy samolyotlar uchib-qo’nishi uchun mo’ljallangan kema ko’rfazni aylanib qaytganini tasdiqlaydi. “Bu odatiy, avval boshdan rejalangan missiya”, - deyiladi rasmiy bayonotda.
G’arb davlatlari yadroviy izlanishlar olib borayotgan islomiy respublikani ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, bir necha bor sanksiya qo’ygan. Tadqiqotlar tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlayotgan Eron ulardan norozi va o’tgan haftadan beri Ormuz bo’g’ozini yopish haqida ogohlantirmoqda.
Fors ko’rfazi davlatlari neftni aynan shu bo’g’oz orqali chetga, jumladan, Amerikaga eksport qiladi.
Fransiya bugun Tehronni qattiqroq sanksiya bilan jazolashni, markaziy bank hisoblarini muzlatishni taklif qildi. Amerika yaqinda aynan shunday choralar ko’rgan edi. Natijada Eron o’z neftini xalqaro bozorga olib chiqishi qiyinlashishi mumkin.
Masalan, Prezident Barak Obama o’tgan hafta sanksiyani ma’qullovchi qonunni imzoladiyu, islomiy respublikada milliy valyuta qadri keskin tushdi. Bir dollar - 17 ming rial, ya’ni avvalgidan 15 foizga tushgan. Maqsad, deydi AQSh rasmiylari, Tehron yadro, raketa dasturlariga moliya ajrata olmay qolsin.
Davlat matbuoti xabariga ko’ra esa Ormuz bo’g’ozida havodagi nishonni ura oladigan yangi raketa sinovdan muvaffaqiyatli o’tgan. “Radarda ko’rinmaydigan samolyotlarni urib tushirishga qodir bu qurol”, - deydi rasmiylar.
Hozirning o’zida Eron qo’lida “Shahab-3” rusumli raketa bor va u Isroilni, AQShning Yaqin Sharqdagi bazalarini nishonga olishga qodir.
Yaqin Sharq bo’yicha ekspert, amerikalik Stiven Zuns fikricha, Tehron og’iz ko’pirtirgani bilan yadro quroli yaratishiga hali ancha bor. “Izlanishlar juda sekin kechmoqda”, - deb hisoblaydi u.
O’tgan hafta Eron o’z yadro dasturi haqida G’arb bilan muzokaraga qaytish istagini bildirgan edi.
Bu muloqot Germaniya, AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya va Fransiya ishtirokida o’tadi. Oxirgi bor tomonlar bir yil oldin ko’rishgan, biroq kelisha olmagan edi.
Eron yadroviy izlanishlar olib borishga haqli ekanini aytib keladi.