Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ayni damda Vashingtonda mehmon. Bugun, 5-mart kuni, Oq Uyda prezident Barak Obama va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan muzokara olib boradi.
Asosiy mavzu – Eron va uning atom maqsadlari. Kuchli xavotirda ekanini bildirib kelayotan yahudiy davlat o’zini himoya qilishga tayyor. Qo’shma Shtatlar esa uni shoshmay, uzoqni o’ylab qadam tashlashga undamoqda.
Prezident Obama deydiki, Amerika Eron atom quroliga ega bo’lishiga yo’l qo’ymaydi. U Isroilni urush ahdidan qaytarish niyatida.
Lekin Isroil pozitsiyasi shuki, Eron atom quroli ustida ishlayotganiga shubha yo’q va vaqtni boy berish ahmoqlik bo’ladi. Uranni boyitish inshootlarini yer ostiga ko’chirayotgani haqida ishonchli ma’lumotlar bor, deydi yahudiy rasmiylar. Isroil bu inshootlarga zarba bermoqchi.
“Isroil zarba berishga qodir. Buning uchun kuchli qurollarga ega. Lekin Eronning atom zavodlari aynan qayerda joylashganini biladimi? Hujum qilgan taqdirda ham ularga qanchalik zarar keltira oladi? Urush boshlashdan oldin bu haqda yaxshilab o’ylash kerak. Keyin kech bo’ladi”, - deydi olim.
Samarali hujum puxta reja talab qiladi, deydi Maykl Ayzenshtat. Isroil qo’lida Eronga tegishli qanday ma’lumotlar borki, ular yahudiy davlatni urushga chorlamoqda?
Razvedka bo’yicha mutaxassis Metyu Eyd fikricha, Isroil xomhayolga berilmoqda. Bu davlat o’z qudratiga ortiqcha ishonib yuborayapti, deydi u. Isroil qo’lida yerosti zirxlangan laboratoriyalarni yorib o’tadigan bombalar bormi, deya so’raydi u. Olim fikricha, yo’q.
“Isroil Isfaxon yaqinidagi Natanz uranni boyitish inshootini vayron qilishi mumkin. Ammo Qom shahri yaqinidagi Fordov zavodi-chi? U tog’ bag’rida qurilgan, shu qadar mahkamki, Isroil qo’lidagi qurollar uni buza olmaydi”.
Isroilning qiruvchi samolyotlari Eronga yetishi uchun katta masofani bosib o’tishi kerak. Bu degani yarim yo’lda ularga yonilg’i quyish kerak. Bu ishni esa yahudiy davlatni yoqtirmaydigan Iordaniya, Iroq, Saudiya Arabistoni yoki Suriya osmonida qilish kerak bo’ladi.
“Arab davlatlari Erondan qanchalik nafratlanishini unutmang. Uning atom dasturiga xavf sifatida qarashadi. Menimcha, ko’plab arab mamlakatlari Isroilning bu hujumini zimdan yoqlaydi. Shu bois agar Isroilga ularning osmoni kerak bo’lsa, yo’q deyishmaydi”.
Eron va Isroil siyosatini yaqindan kuzatib kelayotgan bu olimlar xulosasi shuki, urush bilan masala hal etilmaydi. Isroil hujumi Eron yadroviy harakatlarini uzog’i bilan ikki yilga sekinlashtirishi mumkin, lekin islomiy respublikani ahdidan qaytara olmaydi.
Amerika hamon diplomatiya va sanksiyalarga urg’u bermoqda. Eron bilan til topishish niyatidan qaytmagan.
Prezident Obama fikricha, harbiy chora – eng oxirgi variant.
Muzokaraga tayyor ekanini bildirmoqda. Lekin G’arb diplomatlarining shikoyat qilishicha, Tehron quruq tomosha uchun uchrashadi, faqat o’zini oqlash bilan ovora, muammo chetda qolib ketadi.
Siyosiy tahlilchi Jeyms Dobbins konkret gaplashish kerak deydi.
“Hozirgacha kechgan muzokaralar axborot vositalari uchun, ommaga mana biz nimadir qilayapmiz degan qabilda o’tkazilayapti”, - deydi Dobbins.
Xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert Jim Volsh tahlilicha, harbiy chora Eronni atom maqsadlaridan qaytarmaydi. Eng ma’qul yo’l, muzokara va yana muzokara, deydi u.