Oq uy Eronga qarshi urush boshlash niyati yo’qligini bildirar ekan, ayrim xabarlarga ko’ra, Vashington Eronning Suriya va Aden ko’rfazidagi harbiylarini nishonga olishni ko’zlamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu AQShning Iordaniyadagi uch askari o’limiga javob bo’ladi. Qo’shma Shtatlar yakshanba kungi dron hujumida Eronga xayrixoh guruhlarni ayblamoqda. Eronning o’zi hujum Iordaniyada emas, Suriyaning Iordaniya chegarasiga yaqin joyda joylashgan al-Tanf harbiy bazasida bo’lganini da’vo qilmoqda.
“Javob beramiz albatta. O’zimiz lozim deb topgan paytda, oliy qo’mondon belgilagan shaklda”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Rasmiy bevosita Eronning o’ziga zarba berilmasligini aytadi.
“Eron bilan harbiy urush olib borish niyatimiz yo’q”, - dedi Kirbi.
Tehron amerikalik askarlarga hujumni inkor etdi.
"Amerika bilan mintaqa ichida yoki tashqarisida ziddiyatlarning kuchayishi tarafdori emasmiz. Eron Islomiy Respublikasi xalqaro va mintaqaviy tortishuvlarga siyosiy yechim topilishi kerakligiga ishonadi”, - dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.
NATO rahbari Eronni mintaqani beqarorlashtirayotganlikda aybladi.
“Eron Qizil dengizda kemalarga hujum qilayotgan terrorchilarni qo’llab-quvvatlayapti. Tehronning xatti-harakati qoidasiz dunyo qanday bo’lishini ko’rsatmoqda - oldindan aytib bo'lmaydigan va xavfli, xavfsizligimiz qimmatroq bo'ladigan dunyo”, - dedi Yens Stoltenberg.
AQShning “Wall Street Journal” gazetasiga ko’ra, qonli voqea bazadagi amerikalik harbiylarning xatosi tufayli ro’y bergan. Ular dushman dronini o’ziniki deb uni urib tushirmagan.
Kuzatuvchilar hozirgi vaziyat Isroilning G’azodagi harbiy amaliyotidan kelib chiqganiga ishora qiladi. Isroil esa bu ishlarda unga hujum qilgan XAMASni ayblamoqda.
“Uch oy oldin AQSh strategiyasi mintaqaviy ziddiyatlarning kuchayishini oldini olishdan iborat edi, biroq bunday strategiya ish bermadi”, - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq rasmiysi Bernard Xadson.
Iordaniyalik tahlilchilar mojaroga ularning mamlakati ham tortilayotganidan xavotirda.
“So’nggi hujum hozirgi mojaroni yangi bosqichga olib chiqdi. Ixtilof Suriya va Iroqdan Iordaniyagacha kengaymoqda”, - deydi siyosatshunos Amir Sabayla.
AQShdagi ayrim qonunchilar Oq uyni Eronning o’ziga zarba berishga chaqirmoqda. Biroq bunday harakat oqibatlari kattaroq urushga olib kelishi ehtimoli ko’plarni xavotirga solmoqda.
Dunyoda davlatlarning harbiy salohiyatini o’rganuvchi “Global Fire Power” tashkilotining shu hafta chop etilgan jadvalida Eron, xalqaro sanksiyalarga qaramay, harbiy qudrati jihatdan dunyoda 14-o’rinni, Yaqin Sharqda esa ikkinchi o’rinni egallab turibdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Eron havo mudofaasi tizimini shay holatga keltirgan, harbiylariga AQSh hujumiga tayyor turishni buyurgan.