Obama ma'muriyati Mali siyosatini to'g'ri deydi

  • Amerika Ovozi
Kongressmenlardan iborat AQSh delegatsiyasi Maliga tashrif buyurib, bu o'lka uchun Amerika harbiy yordam ajratishda davom etishiga ishora qilgan. Delegatsiya rahbari senator Kris Kuns buning uchun Mali avvalo erkin saylovlar o'tkazib, demokratiya yo'liga kirishi lozimligini ta'kidlagan.

Obama ma'muriyati terrorchilarga qarshi kurashda AQShning Mali hukumatiga yordam berishini to'g'ri qaror deb hisoblaydi. AQSh davlat kotibining Afrika masalalari bo'yicha yordamchisi Jonni Karson Kongressda Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar qo'mitasida qilgan chiqishida mojaro hal bo'lmaguncha, Vashington Maliga ko'maklashishda davom etishini aytdi.

Yanvar oyida Fransiya va Mali harbiy kuchlari shimoliy hududlarni egallab olgan terrorchilarga jiddiy zarba berdi. O’tgan yili bir necha shahar va qishloqlar ular nazoratida edi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi, respublikachi Ed Roys prezident Barak Obamani Parij yordam yordam so’rab murojaat qilganida tez javob bermagani uchun tanqid qildi.

“Fransiya AQShdan yordam so’raganida bu ma’muriyat kerakli tarzda javob bermadi. Byurokratiya urinishlarimizni ancha sekinlashtirdi”, - dedi Roys.

Ammo Davlat departamenti va Mudofaa vazirligining yuqori darajadagi rasmiylari Qo’mita oldidagi chiqishida qarorlar o’z vaqtida va to’g’ri qabul qilingan, deya ta’kidladi. AQSh Davlat kotibi muovini, Afrika uchun mas’ul diplomat Jonni Karson AQSh harakatlari haqida batafsil tushuntirish berdi.

“AQSh Fransiya harakatlarini qo’llab-quvvatladi va Maliga tezda yordam berdi. 13-fevral kunigacha biz yonilg’i bilan qayta ta’minlash bo’yicha 22 ta operatsiya bajardik,” – dedi Karson.

Diplomatning ma’lum qilishicha, Fransiya va Chad qo’shinlariga yordam tariqasida AQSh Havo kuchlari 43 ta C-17 rusumidagi samolyot yuborgan, razvedka va boshqa masalalarda ko’maklashgan.

Kongressning yana bir a’zosi demokrat Bred Sherman ham Obama ma’muriyatini himoya qildi.

“Hamkorlarga muhtojmiz. Lekin dunyoning har bir burchagidagi mojaroda yetakci rolni bajara olmaymiz. Malida biz Fransiya bilan yonma-yon turdik, qo’llab-quvvatladik. Ularning harakatlarini olqishlaymiz”, - dedi kongressmen.

Maliga G’arbiy Afrika qo’shinlari yordamga kelyapti. Fransiya harbiylari esa asta-sekin olib chiqiladi. BMTda bu yerdagi xalqaro qo’shinlarni boshqarish masalasi ko’rib chiqilmoqda.

Ammo Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Ed Roysning aytishicha, Malida vaziyat shu qadar tarang va xavfliki, u yerda BMTning tinchlik saqlovchi qo’shinlari emas, Fransiyaning Xorijiy legioni joylashtirilishi kerak.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Karson fikricha ham, Malini G’arbiy Afrika qo’shinlaridan BMT qo’shinlari nazoratiga o’tkazishga hali erta.

Malidagi muammolar juda murakkab, ularni faqat harbiy aralashuv bilan hal etib bo’lmaydi, dedi Karson. Hozirgi harakatlardan tashqari u yerda demokratik saylovlar ham o’tkazilishi kerak. Malidagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda AQSh yordamini ayamaydi, dedi amerikalk diplomat.